Asosiy materiallarga o‘tish

MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI

Ular barcha savollarga Muqaddas Kitob asosida javob berardi

Ular barcha savollarga Muqaddas Kitob asosida javob berardi
  • TUG‘ILGAN YILI: 1950

  • MAMLAKATI: ISPANIYA

  • O‘TMISHDA: KATOLIK ROHIBASI

OLDINLARI

Men tug‘ilganimda Ispaniyaning shimoli-g‘arbidagi Galisiya viloyatida ota-onamning mo‘jazgina fermasi bor edi. Biz oilada sakkizta farzandmiz, men esa to‘rtinchisiman. Oilamiz judayam inoq bo‘lgan. O‘sha paytlari kamida bitta farzandni ruhoniy seminariya yoki monastirga yuborishardi. Oilamizdan ikkitamiz monastirga, bittamiz esa seminariyaga borgandi.

13 yoshligimda Madriddagi monastirga bordim. Opam allaqachon o‘sha yerda edilar. Monastirdagilar nihoyatda qattiqqo‘l edi. U yerda do‘stlikdan asar ham yo‘q edi — faqat qoidalar, duolar va tarki dunyo hayot. Erta sahardan Xudo haqida mulohaza yuritish uchun kichik ibodatxonada yig‘ilardik, lekin men hech narsa to‘g‘risida fikr yuritmasdim. Keyin madhiyalar kuylab, ibodatlar qilardik va hammasi lotin tilida o‘tardi. Men deyarli hech vaqoni tushunmasdim, shunga Xudo men uchun yetti yot begona shaxs edi. Kunlarim qattiq sukunatda o‘tardi. Opam bilan ko‘rishganimizda bir-birimizga: «Bokira Maryamga sharaflar bo‘lsin»,— deb ayta olardik, xolos. Rohibalar bizga faqat ovqatdan keyin yarim soat gaplashishga ruxsat berishardi. Monastir ota-onamning tashvishsiz uyidan keskin farq qilardi. O‘zimni yolg‘iz his qilardim va tez-tez yig‘lardim.

Garchi hech qachon o‘zimni Xudoga yaqin his qilmagan bo‘lsam-da, 17 yoshimda qasam ichib, rohiba bo‘lishga qaror qilganman. Rostini aytsam, mendan kutilgan ishni qilgandim, xolos. Lekin tez orada Xudo meni bunday xizmat uchun tanlaganidan shubhalana boshladim. Ko‘pincha rohibalar: «Shubhalanganlar jahannamga tushadi!» — deb aytishardi. Lekin bu menga shubhalardan xalos bo‘lishga yordam bermadi. Iso Masih o‘zini boshqalardan olib qochmaganini, aksincha ta’lim berish bilan band bo‘lib, o‘zgalarning ehtiyojiga g‘amxo‘rlik qilganini bilardim. (Matto 4:23–25) 20 yoshga to‘lganimda rohiba bo‘lishdan hech qanday ma’no yo‘qligini tushundim. Va kutilmaganda rohiba ona: «Agar ikkilanayotgan bo‘lsang, monastirni tark etganing afzalroq»,— deb aytdi. Menimcha, u boshqalarga ta’sir qilishimdan qo‘rqqan. Shunga monastirdan ketdim.

Uyga qaytganimda, ota-onam meni to‘g‘ri tushunib, juda iliq qarshi olishdi. Lekin qishlog‘imizda ish bo‘lmagani uchun, ukalarimdan birining yoniga — Germaniyaga jo‘nadim. U muhojir ispanlarning kommunistik guruhi a’zosi edi. Men bu odamlar bilan tezda til topishib ketdim. Ular ishchilarning haq-huquqi hamda erkak va ayollar o‘rtasidagi tenglik uchun kurashgan. Men kommunistik partiyasiga qo‘shildim va keyin bu partiyaning a’zolaridan biriga turmushga chiqdim. Kommunistlarning adabiyotlarini tarqatib va norozilik yurishlarida qatnashib, arzigulik ish bilan mashg‘ulman, deb o‘ylardim.

Biroq vaqt o‘tib, yana umidsizlikka tushdim. Kommunistlarning so‘zi bilan ishi farq qilishiga e’tibor berdim. Partiyamizning ayrim yosh a’zolari 1971-yili Frankfurtdagi Ispaniya elchixonasiga o‘t qo‘yishganida shubha-gumonlarim yanada kuchaydi. Ular buni Ispaniyaning diktatorlik rejimiga norozilik bildirish maqsadida qilishgan edi. Lekin bunday tarzda norozilik bildirishni noto‘g‘ri, deb hisoblardim.

Birinchi farzandimiz dunyoga kelganidan keyin erimga: «Bundan buyon Kommunistlarning yig‘inlariga bormayman»,— deb aytdim. O‘zimni yolg‘iz his qilardim, chunki oldingi do‘stlarim men va bolamni bir marta ham yo‘qlab kelgani yo‘q. Hayot mazmuni haqida o‘ylab qoldim. O‘zi jamiyatni yaxshilashga urinish arziydimi?

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI.

1976-yili, kunlarning birida ikki nafar Yahovaning Shohidi eshigimizni taqillatib, bizga Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlar taklif qildi va men oldim. Shohidlar yana kelishganida, men ularni azob-uqubatlar, tengsizlik va adolatsizlik haqidagi savollar bilan ko‘mib tashladim. Ular barcha savollarga Muqaddas Kitob asosida javob bergani meni lol qoldirdi. Men Muqaddas Kitob tadqiqiga bajonidil rozi bo‘ldim.

Boshida menga faqat bilim olish yoqardi. Lekin erim ikkalamiz Yahova Shohidlarining jamoat uchrashuvlariga qatnashni boshlaganimizda hammasi o‘zgarib ketdi. O‘sha paytga kelib ikki nafar farzandimiz bor edi. Yahovaning Shohidlari bizni mashinada Yig‘ilish zaliga olib borishardi va uchrashuvlar paytida bolalarimizga qarab turishardi. Men Shohidlarni yaxshi ko‘rib qoldim.

Shunga qaramay, ta’limotlar haqidagi ba’zi savollarim javobsiz qolgandi. Shuning uchun Ispaniyadagi qarindoshlarimnikiga borib kelishga qaror qildim. Ruhoniy bo‘lgan tog‘am meni Muqaddas Kitobni tadqiq qilmaslikka ko‘ndirmoqchi edi. Lekin mahalliy Shohidlar menga katta yordam berishdi. Ular Muqaddas Kitobga oid savollarimga xuddi Germaniyadagi Shohidlar kabi javob berishardi. Germaniyaga qaytganimda Muqaddas Kitob tadqiqini davom ettirishga qaror qildim. Erim tadqiqni to‘xtatgan bo‘lsa ham, men shashtimdan qaytmadim. 1978-yili suvga cho‘mib, Yahovaning Shohidi bo‘ldim.

QANDAY FOYDA OLDIM?

Muqaddas Kitob haqiqatlari to‘g‘risidagi aniq bilimlar hayot mazmunini topishimga va arzigulik maqsadlar qo‘yishimga ko‘maklashdi. Masalan, 1 Butrus 3:1–4 dagi so‘zlar xotinlarni erini «chuqur hurmat qilib», «bo‘ysunishga» hamda «Allohning nazarida qimmatbaho hisoblangan sokin va muloyim ruhni» rivojlantirishga chorlamoqda. Bunday maslahatlar menga bugungi kungacha xotin va ona vazifasini bajarishimga yordam berib kelmoqda.

Mana 35-yildirki, men Yahovaning Shohidiman. Haq Xudoga xizmat qilayotgan ulkan ma’naviy oilaning a’zosi ekanimdan va beshta farzandimdan to‘rttasi haqiqat yo‘lini tanlaganidan judayam xursandman.