Asosiy materiallarga o‘tish

INTERVYU | ANTONIO DELLA-GATTA

Nega ruhoniy cherkovni tark etdi?

Nega ruhoniy cherkovni tark etdi?

Antonio Della-Gatta Rimda 9-yil tahsil olgach, 1969-yili ruhoniy etib tayinlangan. Keyinchalik u Italiyaning Neapol yaqinidagi seminariyada rektor bo‘lib ishlagan. Ko‘p izlanish va mulohazalardan keyin u katolik dini Muqaddas Kitobga asoslanmaganiga amin bo‘lgan. U nega cherkovni tark etganligini «Uyg‘oning!» jurnalining muhbiriga so‘zlab berdi.

Iltimos, bolaligingiz haqida aytib bering.

Men 1943-yili Italiyada tug‘ilganman. Oilamiz bilan kichkina bir qishloqda yashardik. Dadam fermer va duradgor edilar. Ota-onamiz bizni katolik sifatida katta qilishgan.

Nega ruhoniy bo‘lishni istadingiz?

Yoshligimdan cherkovdagi ruhoniylarni tinglashni yaxshi ko‘rardim. Ruhoniylarning jarangdor ovozlaridan va cherkov marosimlaridan lol qolardim. Shuning uchun ruhoniy bo‘lishni istadim. 13 yoshimda onam meni internat maktabga berdilar. U yerda o‘g‘il bolalarga kelajakda ruhoniy bo‘lish uchun ta’lim berishardi.

Sizlarga Muqaddas Kitobdan ta’lim berisharmidi?

Yo‘q. 15 yoshimda o‘qituvchim menga Injilni, ya’ni Iso Masihning hayoti va xizmati yozilgan kitobni bergan edi va men uni bir necha marta o‘qib chiqqanman. 18 ga to‘lganimda Rim papasining izmida bo‘lgan papalar universitetida tahsil olish uchun Rimga ketgandim. Men u yerda lotin, yunon tillarini, shuningdek, tarix, falsafa, psixologiya va teologiyani o‘rgandim. Garchi yakshanba kungi ma’ruzalarda oyatlarni yoddan aytib, Muqaddas Kitob qiroatini tinglagan bo‘lsak-da, aslida uni tadqiq qilmasdik.

Siz rektor bo‘lgansiz. Bu ta’lim berish bilan bog‘liqmi?

Asosan ma’muriy ishlar bilan shug‘ullanardim. Ammo ikkinchi Vatikan kengashi qarorlari bilan bog‘liq darslarda ham ta’lim berardim.

Nega cherkov ta’limotlaridan shubhalana boshladingiz?

Chunki uchta narsa meni o‘ylantirib qo‘ygandi. Birinchidan, cherkov siyosatga aralashardi. Ikkinchidan, ruhoniylar va cherkov qavmi orasidagi axloqsizlikka ko‘z yumishardi. Uchinchidan, katolik cherkovining ayrim ta’limotlari menga noto‘g‘ridek tuyulardi. Masalan, qanday qilib sevgi Xudosi o‘lganlarni abadiy qiynashi mumkin? Yoki Xudo bizdan tasbeh aylantirib, yodlab olingan ibodatlarni yuz martalab takrorlashni talab qiladimi? a

Xo‘sh, keyin nima qildingiz?

Xudo menga yo‘l ko‘rsatishini so‘rab, ko‘z yoshlar bilan iltijo qildim. Shuningdek, yaqindagina italyan tilida chop etilgan katoliklarning «Quddus Muqaddas Kitobi»ni xarid qilib, o‘qishni boshladim. Bir safar yakshanba kungi ibodatdan keyin xizmat kiyimlarimni ilib qo‘yayotganimda seminariyaga ikkita erkak kirib keldi. Ular o‘zlarini Yahovaning Shohidlari deb tanishtirishdi va ular bilan bir soatdan ko‘p vaqt mobaynida Muqaddas Kitob hamda haq dinni ajratib turuvchi belgilar haqida gaplashdik.

Ular sizda qanday taassurot qoldirishdi?

Ular ishonch bilan gapirayotganini va katolik Muqaddas Kitobidan mohirona foydalanishayotganini ko‘rib, hayron qolgandim. Keyinchalik Mario ismli boshqa bir Yahovaning Shohidi oldimga tez-tez kelib turardi. Ob-havo qanday bo‘lmasin, u sabr va sadoqat ila har shanba ertalab soat 9 da seminariya eshigini taqillatardi.

Uning kelishiga boshqa ruhoniylar qanday qarardi?

Men ularni muhokamamizga qo‘shilishga taklif qilgandim. Lekin ularning bittasi ham Muqaddas Kitob tadqiqiga jiddiy qaramadi. Men esa uni o‘rganishdan zavq olardim. Muqaddas Kitobdan meni o‘ylantirayotgan savollarga javob topdim. Masalan, Xudo nega azob-uqubatlarga chidab kelyapti?

Yuqori mavqedagi ruhoniylar sizni Muqaddas Kitob tadqiqidan to‘xtatmoqchi bo‘lishganmi?

1975-yili nuqtai nazarimni tushuntirish uchun bir necha marotaba Rimga bordim. Yuqori martabadagi ruhoniylar fikrimni o‘zgartirishga harakat qilishdi. Lekin ularning hech biri Muqaddas Kitobga murojaat qilishmadi. Va nihoyat 1976-yili 9-yanvarda Rimga xat yozib, bundan buyog‘iga o‘zimni katolik deb hisoblamasligimni ma’lum qildim. Ikki kundan keyin seminariyani tark etdim va poezdga o‘tirib, birinchi marta Yahova Shohidlarining yig‘ilishida qatnashish uchun yo‘lga chiqdim. Lekin borsam anjuman bo‘layotgan ekan va u yerda bir nechta jamoat qatnashayotgan edi. Hammasi men o‘rganganimdan ancha farq qilardi! Har bir Shohidning qo‘lida Muqaddas Kitobi bor edi va ma’ruzachilar turli mavzularni muhokama qilganda ular aytilgan oyatlarni ochib, kuzatishardi.

Oilangiz bunga qanday munosabat bildirgan?

Oila a’zolarimning ko‘pi menga qattiq qarshilik ko‘rsatishgan. Keyin bilsam Italiyaning shimolidagi Lambardiyada yashayotgan ukam Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotgan ekan. U bilan ko‘rishish uchun oldiga bordim va mahalliy Shohidlar menga ish hamda turar joy topishga yordam berishdi. Keyinroq o‘sha yili men suvga cho‘mib, Yahovaning Shohidi bo‘ldim.

Va nihoyat o‘zimni chinakamiga Xudoga yaqin his qilyapman

Qaroringizdan hech afsuslanganmisiz?

Sira ham. Va nihoyat o‘zimni chinakamiga Xudoga yaqin his qilyapman. Chunki U haqida bilib olganlarim falsafa yoki cherkov aqidalariga emas, balki Muqaddas Kitobga asoslangan. Endi to‘la ishonch va samimiyat ila boshqalarga ta’lim bera olaman.

a Muqaddas Kitob bu va boshqa ko‘plab savollarga aniq javob bera oladi. . MUQADDAS KITOB TA’LIMOTLARI > MUQADDAS KITOBGA ASOSLANGAN JAVOBLAR sarlavhasiga qarang.