Nafrat butunlay yo‘q qilinadi!
O‘zimiz nafratdan qutulgan bo‘lsak ham, boshqalarni bunday qilishga majburlay olmaymiz. Oldin bo‘lganidek, hozir ham aybsiz odamlar nafratning qurboniga aylanmoqda. Unda kim nafratni butunlay yo‘q qila oladi?
Faqatgina Xudovand Yahova nafratga butunlay chek qo‘ya oladi. Muqaddas Kitobda ham aynan shu haqda va’da qilingan. (Hikmatlar 20:22)
XUDO NAFRATNI KELTIRIB CHIQARAYOTGAN SABABLARNI YO‘Q QILADI
-
1. SHAYTON IBLIS. Bugungi dunyoda keng tarqalgan nafratning ortida isyonkor farishta Shayton turibdi. Xudo Shaytonni va unga o‘xshab boshqalardan nafratlanadiganlarni yo‘q qiladi. (Zabur 37:38; Rimliklarga 16:20)
-
2. SHAYTONNING YOVUZ DUNYOSI. Xudo dunyoda nafratni olg‘a surayotgan barchani, jumladan, razil siyosatchilar-u din rahbarlarini yakson qiladi. Shuningdek, U poraxo‘rlikka botib ketgan va odamlarni o‘z manfaati uchun ishlatadigan ochko‘z tijorat tizimiga barham beradi. (2 Butrus 3:13)
-
3. INSONLARNING NOMUKAMMALLIGI. Muqaddas Kitobda tushuntirilishicha, barcha odamlarga nomukammallik, ya’ni noto‘g‘ri narsalarni o‘ylash, his etish va qilish moyilligi meros bo‘lib o‘tgan. (Rimliklarga 5:12) Boshqalardan nafratlanish va buni ko‘rsatish ham ushbu moyilliklarga kiradi. Xudo bunday salbiy moyilliklardan qutulishimizga yordam beradi va shunda nafrat butunlay yo‘q bo‘ladi. (Ishayo 54:13)
MUQADDAS KITOBDA DUNYO NAFRATDAN XOLI BO‘LISHI VA’DA QILINGAN
-
1. HECH KIM ADOLATSIZLIKDAN AZIYAT CHEKMAYDI. Dunyoni samoda o‘rnatilgan adolatli va abadiy hukumat, ya’ni Xudoning Shohligi boshqaradi. (Doniyor 2:44) Yuzxotirchilik va chidamsizlik yakun topadi. Xudo hozir odamlar duch kelayotgan adolatsizliklarning bariga chek qo‘yadi. (Luqo 18:7)
-
2. HAMMA TINCHLIKDA HAYOT KECHIRADI. Hech bir inson zo‘ravonlik yoki urush dastidan azob chekmaydi. (Zabur 46:9) Barcha odamlar tinchliksevar bo‘lgani sababli yer yuzi yashash uchun xavfsiz joyga aylanadi. (Zabur 72:7)
-
3. HAR BIR KISHI MUKAMMAL SHAROITLARDA ABADIY YASHAYDI. Yer yuzidagi barcha bir-biriga samimiy sevgini namoyon etadi. (Matto 22:39) Hech kim tushkunlikka tushmaydi, hatto noto‘g‘ri fikrlar yoki yoqimsiz xotiralar xayolga ham kelmaydi. (Ishayo 65:17) O‘shanda nafratdan xoli insoniyat «tinchlik-xotirjamlikda umr kechirib, behad shod bo‘ladi». (Zabur 37:11)
Shunday dunyoda yashashni istarmidingiz? Hozirning o‘zidayoq ko‘plab odamlar Muqaddas Kitobdagi prinsiplarni qo‘llab, nafratni yengishni o‘rganishyapti. (Zabur 37:8) Butun dunyodagi millionlab Yahovaning Shohidlari ham shular jumlasidandir. Garchi ularning madaniyati va kelib chiqishi turlicha bo‘lsa-da, ular orasida yakdillik va sevgi hukm suryapti. (Ishayo 2:2–4)
Yahovaning Shohidlari adolatsizlik va kamsitilishga duch kelganda to‘g‘ri yo‘l tutishni o‘rganishgan. Ular bilib olganlarini siz bilan baham ko‘rishdan xursand bo‘lishadi. Bu bilimlar sizga nafrat o‘rnini asta-sekin sevgi bilan qoplashga yordam beradi. Siz barcha odamlarga, hattoki noshukurdek ko‘rinadigan yoki nafratni ko‘rsatadiganlarga ham sevgini qanday namoyon etishni o‘rganasiz. Natijada, o‘zingizni baxtliroq his qilasiz va boshqalar bilan munosabatingiz yaxshilanadi. Eng muhimi, nafrat toabad yo‘q qilinganda Xudo Shohligining boshqaruvi ostida yashash uchun nima qilishingiz kerakligi haqida bilib olasiz. (Zabur 37:29)