Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Yuqorida — O‘lik dengiz o‘rama bitiklari orasidan topilgan Ishayo kitobining parchasi, quyida esa Ishayo kitobining zamonaviy arab tilidagi tarjimasi tasvirlangan. Ular Alloh Kalomidagi matn o‘zgarmay saqlab qolinganini ko‘rsatyapti

Allohning Kalomi o‘zgartirilganmi?

Allohning Kalomi o‘zgartirilganmi?

Ba’zi odamlar Allohning Kalomi o‘zgartirilgan, deb o‘ylashlari mumkin. Lekin Ishayo payg‘ambar Xudoning kalomi «abadiy qolishi» haqida aytgandi. (Ishayo 40:8) Shunday ekan, Alloh Kalomi o‘zgarmagan holda saqlanib qolganiga qanday amin bo‘la olamiz?

Tangri Taolo O‘z Kalomini va uning matnini o‘zgarmagan holda saqlab qolishga qodir. Qadimda payg‘ambarlar Xudoning xabarlarini tez chiriydigan materiallarga yozishgan. O‘sha davrda Allohning xabarini o‘zgarmagan holda saqlab qolish uchun Muqaddas Yozuvlardan ehtiyotkorlik ila nusxa ko‘chiradigan alohida odamlar bo‘lgan. Ular matnga hech narsa qo‘shilmagani, o‘zgartirish kiritilmagani yoki matndan hech narsa olib qo‘yilmaganiga amin bo‘lish maqsadida undagi har bitta harfni sanab chiqishgan. To‘g‘ri, bu kotiblar nomukammal bo‘lishgan va ulardan ayrimlari xatolarga yo‘l qo‘yishgan, ammo bu xatolar arzimas bo‘lib, asl matnning ma’nosiga ta’sir qilmagan.

MUQADDAS YOZUVLARNING ZAMONAVIY MATNI O‘ZGARTIRILMAGANIGA QANDAY AMIN BO‘LA OLAMIZ?

Muqaddas Yozuvlarning minglab qadimgi qo‘lyozmalari mavjud. Agar ma’lum bir qo‘lyozma boshqasidan biroz farq qilsa, bu qo‘lyozmaga o‘zgartirish kiritilmaganiga ishonch hosil qilish uchun uni boshqa qo‘lyozmalar bilan solishtirsa bo‘ladi. Bu haqda ko‘proq bilishni istasangiz, jw.org saytidagi «Muqaddas Kitob o‘zgartirilganmi?» deb nomlangan maqolaga qarang.

Misol uchun, 1947-yili O‘lik dengiz yaqinidagi g‘orlarda topilgan «O‘lik dengiz o‘rama bitiklari» nomli qadimgi manbalarni olaylik. Muqaddas Yozuvlarning ayrim qismlarini o‘z ichiga oluvchi ushbu o‘rama bitiklar ikki ming yildan ziyod vaqt oldin yozilgan. Tadqiqotchilar bu qadimgi qo‘lyozmalarning matnini Muqaddas Yozuvlarning zamonaviy matni bilan solishtirib ko‘rishdi. Natijasi qanday bo‘ldi?

Qadimgi qo‘lyozmalarni atroflicha o‘rganib chiqish davomida olimlar Alloh Kalomining zamonaviy matni Muqaddas Yozuvlarning asl matni bilan bir xil ekanini aniqlashdi. * Demak, Xudo biz uchun Muqaddas Yozuvlarni bugungi kungacha o‘zgarmagan holda saqlab kelganiga amin bo‘lishimiz mumkin.

Shuning uchun, Muqaddas Kitobni u o‘zgartirilmaganiga to‘liq ishongan holda o‘qisak bo‘ladi. Endi esa keling, payg‘ambarlardan Alloh Taolo to‘g‘risida nimani o‘rganishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

^ 7- x.b. «The Complete Dead Sea Scrolls in English», by Geza Vermes, 16-sah.