24-TADQIQ MAQOLASI
Alloh to‘g‘risidagi bilimga qarshi har qanday g‘oyani qulating!
Biz Alloh to‘g‘risidagi bilimga qarshi ko‘tarilayotgan turli to‘siq va g‘oyalarni qulatyapmiz. 2 KOR. 10:5
124-QO‘SHIQ Vafodormiz
BU MAQOLADA *
1. Moylangan masihiylarga Pavlus qanday ogohlantirish bergan?
«UYG‘UNLASHMANGLAR»,— deb ogohlantirgan edi havoriy Pavlus. Xo‘sh, nimaga uyg‘unlashmasligimiz kerak? Pavlus shunday degan: «Ushbu zamonga uyg‘unlashmanglar». (Rim. 12:2) U mazkur so‘zlarni birinchi asrdagi masihiylarga yozgan. Qiziq, nima uchun Pavlus Xudoga bag‘ishlangan va muqaddas ruh bilan moylangan erkag-u ayollarga bunday jiddiy ogohlantirish bergan? (Rim. 1:7)
2–3. Qay yo‘sin Shayton bizni Yahovaga qarshi qayramoqchi, ammo ongimizda «mustahkam qal’alar» kabi o‘rnashgan fikrlarni qay yo‘sin qulata olamiz?
2 Pavlus xavotirda edi. Boisi, ba’zi masihiylar Shaytonning dunyosi olg‘a surayotgan zararli fikrlar-u falsafaning ta’siriga berilganga o‘xshaydi. (Efes. 4:17–19) Bugungi kunda ham biz bilan xuddi shunday bo‘lishi mumkin. Ushbu dunyoning xudosi Shayton bizni Yahovaga qarshi qayrash uchun turli usullardan foydalanadi. Masalan, muhim ahamiyatga ega bo‘lishni yoki tanilishni istasak, Yahovadan yuz o‘girishimiz uchun Shayton bundan foydalanadi. Buning ustiga, u kabi fikr yuritishimiz uchun o‘tmishimiz, madaniyatimiz yoki olgan ta’limimizning muayyan qirralaridan foydalanishi mumkin.
3 Ongimizda «mustahkam qal’alar» kabi o‘rnashgan fikrlarni qulatishning iloji bormi? (2 Kor. 10:4) Pavlus nima deganiga e’tibor bering: «Biz Alloh to‘g‘risidagi bilimga qarshi ko‘tarilayotgan turli to‘siq va g‘oyalarni qulatyapmiz. Har qanday fikrni zabt etib, uni Masihga bo‘ysundiryapmiz». (2 Kor. 10:5) Ha, Yahovaning yordami bilan salbiy fikrlarni o‘zgartira olamiz. Dori zaharning kuchini kesgani kabi, Xudoning Kalomi Shayton dunyosining ta’siriga qarshi ziddi zahar bo‘la oladi.
«ONGINGIZNI YANGILANG»
4. Haqiqatni qabul qilganimizda ko‘plarimiz qanday o‘zgarishlar qilganmiz?
4 Xudoning Kalomidagi haqiqatni qabul qilib, Unga xizmat qilishga qaror qilganingizda, hayotingizga qanday o‘zgarishlar kiritganingizni eslang. Ko‘plarimiz qandaydir yomon ishlarni qilmay qo‘yganmiz. (1 Kor. 6:9–11) Bunday gunohlardan qutulish uchun Yahova bizga yordam berganidan juda minnatdormiz!
5. Rimliklarga 12:2 da qanday ikkita harakat to‘g‘risida aytilgan?
5 Ammo hech ham bo‘shashmasligimiz kerak. Garchi suvga cho‘mishimizdan avval sodir etgan jiddiy gunohlarga qo‘l urmayotgan bo‘lsak-da, oldingi ishlarimizga qaytish vasvasasini tug‘diradigan har qanday narsadan qochishimiz lozim. Buni qanday uddalay olamiz? Pavlus: «Ushbu zamonga uyg‘unlashmanglar... ongingizni yangilab, o‘zingizni o‘zgartiringlar»,— deb yozgan. (Rim. 12:2) Bu ikkita harakatni talab qiladi. Birinchidan, ushbu zamonga «uyg‘unlashmasligimiz» yoki uning ta’siriga berilmasligimiz darkor. Ikkinchidan, ongimizni yangilab «o‘zgarishimiz» lozim.
6. Isoning Matto 12:43–45 da keltirilgan so‘zlaridan qanday saboq olyapmiz?
6 Pavlus nazarda tutgan o‘zgarish shunchaki yuzaki o‘zgarishdan ko‘proq narsani anglatadi. U vujudimizning har bir zarrasiga ta’sir qiladi. (« O‘zgarishmi yoki shunchaki ko‘rsatishmi?» nomli ramkaga qarang.) Ongimizni yangilashimiz, ya’ni ich-ichimizdagi fikrlar, his-tuyg‘ular va moyilliklarni o‘zgartirishimiz kerak. Shunday ekan, barchamiz o‘zimizga quyidagi savolni berishimiz lozim: «Masihiy bo‘lish uchun qilayotgan harakatlarim faqatgina yuzakimi yoki chindan ham masihiy bo‘lishga intilyapmanmi?» Bu savolga qanday javob berishimiz muhimdir. Matto 12:43–45 da (o‘qing) Iso nima qilishimiz kerakligini ta’kidlagan. Mazkur so‘zlar ortida muhim haqiqat yotibdi: yomon fikrlardan soqit bo‘lishning o‘zi yetarli emas; ularning o‘rnini Xudoga ma’qul bo‘lgan fikrlar bilan to‘ldirishimiz lozim.
«FIKRLASH TARZINGIZNI VA MUNOSABATINGIZNI O‘ZGARTIRING»
7. Qanaqasiga shaxsiyatimizni o‘zgartira olamiz?
7 Qiziq, fikrlash tarzimiz-u munosabatimizni yoki shaxsiyatimizni o‘zgartirishning imkoni bormi? Buning javobini Xudoning Kalomidan topamiz: «Bundan buyon fikrlash tarzingizni va munosabatingizni o‘zgartirib, haqiqiy odillik va sadoqatga asoslangan, Xudoning niyatiga ko‘ra yaralgan yangi o‘zlikni kiyib olinglar». (Efes. 4:23, 24) Darhaqiqat, shaxsiyatimizni o‘zgartirishning imkoni bor, lekin bu oson emas. Yomon istaklar va harakatlardan shunchaki qochishdan ko‘proq narsani qilishimiz zarur. Fikrlash tarzimizni va munosabatimizni o‘zgartirishimiz kerak. Bu istaklarimizni, moyilliklarimiz-u niyatlariimzni o‘zgartirishni o‘z ichiga oladi. Bu doimiy harakat demakdir.
8–9. Qanday qilib birodarimizning misoli shaxsiyatimizni o‘zgartirish muhim ekanini ko‘rsatdi?
8 O‘tmishda zo‘ravon bo‘lgan birodarimizning misoliga diqqat qarataylik. Ichishni va mushtlashishni to‘xtatgach, u suvga cho‘mishga mos keldi va yashayotgan kichik hududida ajoyib shohidlik berardi. Suvga cho‘mganidan ko‘p o‘tmay, bir kuni oqshomda u kutilmagan vaziyatga duch keldi. Mast kishi birodarimizning uyi oldiga kelib, uni mushtlashishga chaqirdi. Boshida u buni rad etdi. Biroq o‘sha mast kishi Yahovaning ismini haqoratlaganda, bu birodarimizga shunchalik qattiq tegib ketdi-ki, u g‘azabini tiya olmadi. U tashqariga chiqib, o‘sha kishini do‘pposladi. Xo‘sh, muammo nimada edi? Garchi birodar Muqaddas Kitob yordamida zo‘ravonlikka bo‘lgan moyilliklariga qarshi turgan bo‘lsa-da, hanuzgacha fikrlash tarzi-yu munosabatini o‘zgartirmagan edi. Boshqacha qilib aytganda, u hali shaxsiyatini o‘zgartirmagan edi.
9 Lekin u taslim bo‘lmadi. (Hik. 24:16) Oqsoqollarning yordami bilan u o‘zgarishda davom etdi. Nihoyat, oqsoqol bo‘lishga mos keldi. Bir kuni oqshom Yig‘ilish zali oldida u yillar avval duch kelgan vaziyatga yana to‘qnash keldi. Mast kishi boshqa oqsoqollarni do‘pposlamoqchi edi. Birodarimiz qanday yo‘l tutdi? U tinchlikni saqlab muloyim ohangda mast kishi bilan gaplashdi, vaziyatni yumshatdi va hatto u uyga yetib olishiga ko‘maklashdi. Nima uchun birodarimiz bu safar umuman boshqacha yo‘l tutdi? Ha, u fikrlash tarzini va munosabatini o‘zgartirgan edi. U chinakamiga tinchlikparvar va kamtar insonga aylangan edi. Buning barchasi Yahovaga sharaf keltirgan.
10. Shaxsiyatimizni o‘zgartirish nimani o‘z ichiga oladi?
10 Bunday o‘zgarishlar bir kechaning o‘zida sodir bo‘lmaydi yoki o‘z-o‘zidan yuz bermaydi. Biz yillar davomida «astoydil g‘ayrat ko‘rsatishimiz» zarur. (2 Butr. 1:5) «Haqiqatda» uzoq vaqtdan beri bo‘lganimiz uchungina bu o‘zgarishlar yuz berib qolmaydi. Shaxsiyatimizni o‘zgartirish uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qilishimiz kerak. Bir nechta asosiy qadam yordamida bunday o‘zgarishni qila olamiz. Keling, ularning ba’zilarini ko‘rib chiqaylik.
QAY YO‘SIN FIKRLASH TARZIMIZ VA MUNOSABATIMIZNI O‘ZGARTIRA OLAMIZ?
11. Qanday qilib ibodat fikrlash tarzimiz va munosabatimizni o‘zgartirishga yordam beradi?
11 Birinchi muhim qadam ibodatdir. Sano bastakori kabi quyidagicha ibodat qilishimiz lozim: «Ey Xudo, ichimda pok yurak yarat, menga yangi va barqaror ruh ato et». (Zab. 51:10) Fikrlash tarzimiz va munosabatimizni o‘zgartirish kerakligini tan olishimiz va Yahovadan yordam so‘rashimiz zarur. Yahova o‘zgarishimizga yordam berishiga qay yo‘sin amin bo‘la olamiz? Hizqiyoning davrida tushkunlikka tushgan isroilliklarga Yahova qanday va’da berganidan dalda olishimiz mumkin: «Ularni yakdil qilaman. Ularga yangi ruh ato etaman... Muloyim yurak beraman, [ya’ni Xudoning yo‘l-yo‘riqlariga bo‘ysunuvchan yurak]». (Hiz. 11:19, izoh) Yahova o‘zgarmoqchi bo‘lgan isroilliklarga yordam berishga tayyor bo‘lganidek, bizga ham ko‘maklashishga tayyor.
12–13. a) Zabur 119:59 ga ko‘ra, nima to‘g‘risida mulohaza qilishimiz kerak? b) O‘zimizga qanday savollar bersak bo‘ladi?
12 Ikkinchi muhim qadam mulohaza yuritishdir. Xudoning Kalomini har kuni sinchkovlik ila o‘qir ekanmiz, qanday o‘zgarishlar qilishimiz kerakligi borasida mulohaza yuritishimiz yoki chuqur o‘ylashimiz zarur. (Zabur 119:59 ni o‘qing; Ibron. 4:12; Yoqb. 1:25) Insonlar falsafasi bizga ta’sir qilganini ko‘rsatuvchi har qanday o‘y-fikrni aniqlashimiz kerak. Qanday zaifliklarimiz borligini xolisona aniqlab, ularning ustida ishlash uchun jon kuydirishimiz darkor.
13 Misol uchun, o‘zingizga quyidagi savollarni bering: «Qalbimda ozgina bo‘lsa ham hasad yoki rashk bormi?» (1 Butr. 2:1) «Kelib chiqishim, olgan ta’limim yoki moddiy ahvolim tufayli o‘zimni boshqalardan yaxshiroq deb bilamanmi?» (Hik. 16:5) «Boshqalarda men ega bo‘lgan narsalar yo‘q bo‘lgani yoki boshqa irqqa mansub bo‘lgani uchun ularga past nazar bilan qaraymanmi?» (Yoqb. 2:2–4) «Shaytonning dunyosi taklif qilayotgan narsalarga ko‘ngil qo‘ymayapmanmi?» (1 Yuhan. 2:15–17) «Axloqsiz yoki zo‘ravon o‘yin-kulgilarni yoqtiramanmi?» (Zab. 97:10; 101:3; Amos 5:15) Mazkur savollarga shaxsan javob berib, qaysi sohalarda o‘zgarishimiz kerakligini ko‘ra olamiz. Qalbimizda «mustahkam qal’alar» kabi bo‘lgan fikrlarni zabt etib, samoviy Otamizni mamnun qilamiz. (Zab. 19:14)
14. Nima uchun yaxshi do‘stlarni tanlash muhim?
14 Uchinchi muhim qadam yaxshi do‘stlar tanlashdir. Buni anglaymizmi yoki yo‘qmi, biz muloqot qilayotgan kishilar bizga qattiq ta’sir qiladi. (Hik. 13:20) Hamkasblar yoki maktabdagilar Xudoga ma’qul tarzda fikr yuritishimizga yordam bermasligi mumkin. Ammo masihiylar jamoatida eng yaxshi do‘stlarni topa olamiz. U yerda «sevishga va ezgu ishlar qilishga» undalamiz yoki kuch olamiz. (Ibron. 10:24, 25)
«IMONDA BARQAROR» BO‘LING
15–16. Qay yo‘sin Shayton fikrlash tarzimizni o‘zgartirmoqchi?
15 Shuni unutmangki, Shayton fikrlash tarzimizni o‘zgartirish uchun qat’iy bel bog‘lagan. Xudoning Kalomi bizga ta’sir qilmasligi uchun u har qanday fikrdan foydalanadi.
16 Shayton Adan bog‘ida Momohavoga bergan quyidagi savolni berishda davom etmoqda: «Xudo... aytgani rostmi?» (Ibt. 3:1) Shaytonning boshqaruvi ostidagi dunyoda shubha uyg‘otuvchi quyidagi savollarni tez-tez eshitib turamiz: «Xudo bir nechta xotin olishni ma’qullamasligi rostmi? Xudo Yangi yilni va tug‘ilgan kunlarni nishonlashingizni istamasligi rostmi? Xudo qon quydirishingizni istamasligi rostmi? Sevuvchi Xudo jamoatdan chetlatilgan yaqiningiz bilan gaplashishingizni istamasligi rostmi?»
17. E’tiqodimiz borasida shubha uyg‘otuvchi savollarga duch kelganda nima qilishimiz kerak va Kolosaliklarga 2:6, 7 ga ko‘ra, buning natijasi qanday bo‘ladi?
17 E’tiqodimizga amin bo‘lishimiz kerak. E’tiqodimiz borasida muhim savollarga javob topmasak, ishonayotgan narsalarimiz haqiqat ekaniga shubhalana boshlashimiz hech gap emas. Bunday shubhalar tufayli fikrlash tarzimiz buzilib, imonimiz halokatga uchraydi. Xo‘sh, unda nima qilishimiz zarur? Xudoning Kalomiga binoan, fikrlash tarzimizni o‘zgartirib, «Tangrining yaxshi, maqbul, komil irodasi» nimada ekanini aniqlab olishimiz lozim. (Rim. 12:2) Muntazam tadqiq orqali Muqaddas Kitobdan bilib olgan haqiqatlarni o‘zimiz uchun aniqlab olishimiz kerak. Yahovaning me’yorlari to‘g‘ri ekaniga ishonchimiz komil bo‘lishi mumkin. Shunda ildizlari mahkam daraxt kabi «imonda barqaror bo‘lib» mustahkam tomir yoyamiz. (Kolosaliklarga 2:6, 7 ni o‘qing.)
18. Shayton dunyosining zahrini kesishga nima yordam beradi?
18 Hech kim o‘rningizga imoningizni barqaror qila olmaydi. Shunday ekan, fikrlash tarzingizni va munosabatingizni yangilashda to‘xtamang. Tinmay ibodat qiling; Yahovaning ruhini so‘rab iltijolar qiling. Chuqur mulohaza yuriting; fikrlaringiz-u niyatlaringizni tekshirishni kanda qilmang. Yaxshi do‘stlar izlang; fikrlash tarzingizni o‘zgartirishga yordam beradigan insonlar bilan do‘stlashing. Shunday yo‘l tutib, Shayton dunyosining zahrini kesasiz va «Alloh to‘g‘risidagi bilimga qarshi ko‘tarilayotgan turli to‘siq va g‘oyalarni» muvaffaqiyat ila qulatasiz. (2 Kor. 10:5)
50-QO‘SHIQ Bag‘ishlanish ibodati
^ 5- x.b. Yaxshimi yo yomonmi, o‘tmishimiz, madaniyatimiz va olgan ta’limimiz fikrlash tarzimizga ta’sir qiladi. Qandaydir salbiy nuqtai nazarlar shaxsiyatimizda chuqur ildiz otganini tushunishimiz mumkin. Ushbu maqoladan rivojlanishi mumkin bo‘lgan har qanday salbiy fikrlarni qay yo‘sin o‘zimizdan soqit qilish mumkinligini bilib olamiz.