Yuzxotirchilikni butkul yo‘q qiluvchi davo
Millionlab insonlar oldingi maqolalardagi fikrlarni qo‘llashdi va yuzxotirchilikni o‘zlaridan soqit qilishda katta muvaffaqiyatga erishishdi. Aslini olganda, barcha turdagi yuzxotirchilikni o‘z kuchimiz bilan butunlay yo‘q qila olmaymiz. Unday bo‘lsa, yuzxotirchilik qachondir tamomila bartaraf etiladimi?
Mukammal hukumat
Insonlar orasidagi yuzxotirchilikni yo‘q qilish yer yuzidagi hukumatlarning qo‘lidan kelmadi. Ammo bu hech bir hukumat buning uddasidan chiqa olmasligini anglatadimi?
Yuzxotirchilikni bartaraf etish uchun hukumatdan quyidagilar talab qilinadi:
-
1. Insonlarni boshqalarga nisbatan fikrlari-yu tuyg‘ularini o‘zgartirishga undash
-
2. Yuzxotirchilik dastidan adolatli munosabat qilishga qiynalayotgan odamlarning yaralarini bitkazish
-
3. Yuzxotirchilikdan butunlay xoli bo‘lgan rahbarlarga ega bo‘lish
-
4. Barcha xalq vakillarini birlashtirish
Muqaddas Kitob bizni Xudo osmonda shunday hukumat o‘rnatganiga ishontirmoqda. Bu hukumat «Xudoning Shohligi» deb nomlanadi. (Luqo 4:43)
Bu hukumat nimalarni taqdim etishini va amalga oshirishini ko‘rib chiqaylik.
1. A’lo ta’lim
«Yer aholisi adolatga o‘rganadi». (ISHAYO 26:9)
«Chin adolat tinchlik keltiradi, chin adolatning hosili mangu xotirjamlik, xavfsizlik bo‘ladi». (ISHAYO 32:17)
Bu nimani anglatadi? Xudoning Shohligi insonlarga to‘g‘ri narsalarni o‘rgatadi. Odamlar nima to‘g‘ri-yu nima noto‘g‘ri, nima adolatli-yu nima adolatsiz ekani borasida o‘rganishganida, ularning bir-biriga bo‘lgan munosabati o‘zgaradi. O‘shanda butun insoniyat har xil turdagi odamlarga sevgini ko‘rsatish eng to‘g‘ri yo‘l ekanini bilib oladi.
2. Adolatsizlikka chek qo‘yish
«Xudo ularning ko‘zidagi har qanday yoshni artib oladi. O‘lim, motam, faryod va og‘riq boshqa bo‘lmaydi. Zero avvalgilar o‘tib ketdi». (VAHIY 21:4)
Bu nimani anglatadi? Xudoning Shohligi adolatsizlik dastidan odamlarning boshiga tushayotgan barcha azob-uqubatlarga chek qo‘yadi. O‘shanda qachonlardir adolatsizlik qurboniga aylangan insonlarda nafrat hissini tuyishga boshqa sabab qolmaydi.
3. Eng yaxshi boshqaruv
«U ko‘zlari bilan ko‘rganiga asoslanib hukm qilmaydi, qulog‘i bilan eshitgani bo‘yicha tanbeh bermaydi. Bechoralarni u haqqoniyat ila hukm qiladi, yerdagi kamtarinlar manfaatini ko‘zlab adolat ila tanbeh beradi». (ISHAYO 11:3, 4)
Bu nimani anglatadi? Xudo Shohligining Shoxi bo‘lmish Hazrati Iso yer yuzi ustidan xolisona va adolat ila boshqaradi. Iso alayhissalom bir xalqni boshqasidan ustun qo‘ymaydi va barcha odamlar uning adolatli qonunlariga amal qilishini ta’minlaydi.
4. Birlik
Xudoning Shohligi insonlarga «fikrlash va sevgida birlikni saqlashni» va «yakdil... bo‘lishni» o‘rgatadi. (FILIPPILIKLARGA 2:2)
Bu nimani anglatadi? Xudo Shohligining fuqarolari orasidagi birlik shunchaki yuzaki bo‘lmaydi. Bu odamlar chinakamiga «yakdil» bo‘lishadi, chunki ular haqiqatdan ham bir-birlarini sevishadi.