Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

UCHINCHI BOB

Xudoning Yer uchun niyati qanday?

Xudoning Yer uchun niyati qanday?
  • Xudoning insoniyat uchun niyati qanday?

  • Qanday qilib Xudoning niyatiga qarshilik ko‘rsatildi?

  • Kelajakda yer yuzida qanday hayot bo‘ladi?

1. Xudoning Yer uchun bo‘lgan niyati qanday?

XUDONING Yer uchun niyati chindan ham ajoyib. Yahova Taolo butun yer yuzida sog‘lom va baxtli insonlar yashashini xohlaydi. Muqaddas Kitob: «Xudovandi Karim... Adan o‘lkasida bog‘ o‘tqazib... ko‘zga yoqqan, yemoqqa yaxshi bo‘lgan har xil daraxtni yerdan o‘stirdi»,⁠— deb aytmoqda. Keyin Xudo Odam Ato va Momo Havoni yaratib, ularni o‘sha go‘zal boqqa joylashtirdi. Xudo ularga: «Barakali bo‘linglar, ko‘payinglar. Yer yuzini to‘lg‘azib tobe qilinglar»,⁠— deb buyurdi (Ibtido 1:28; 2:8, 9, 15). Xullas, Xudoning niyati odamlarning ko‘payib, jannatmakon uylarini kengaytirib, hayvonlar ustidan hokimlik qilishlaridan iborat edi.

2. a) Xudoning Yer uchun bo‘lgan niyati amalga oshishini qayerdan bilamiz? b) Yer yuzida qanday insonlar mangu yashaydilar?

2 Sizning fikringizcha, Xudoyi Taolo Yahovaning ushbu niyati amalga oshadimi? «Men so‘zladimmi, aytganimni bajaraman»,⁠— deb va’da bermoqda Xudovand (Ishayo 46:9–11; 55:11, YADT). Ha, Xudoning niyatlari albatta amalga oshadi! Xudo «yerni bekorga shakl berib yaratmagan, balki yashashlari uchun uni mustahkam qilib o‘rnatgan» (Ishayo 45:18, YADT). Biroq, yer yuzida qanday insonlar yashaydi? Shuningdek, ular qancha umr ko‘rishadi? Muqaddas Kitob: «Solihlar yer yuziga ega bo‘lib, unda mangu yashaydilar»,⁠— deb javob bermoqda (Zabur 36:29; Vahiy 21:3, 4).

3. Odamlar achinarli ahvolda ekani nimadan ko‘rinyapti va qanday savollar kelib chiqmoqda?

3 Ammo, bu niyatlar hanuz amalga oshmadi. Odamlar kasallik va o‘limga duchor; ular urushlar qilib bir-birini o‘ldirmoqda. Bu esa Xudoning niyatiga kirmagan! Bo‘lmasa, nima yuz berdi? Nima sababdan Xudoning niyati amalga oshmadi? Bu savollarga hech bir tarix kitobi javob bera olmaydi, chunki muammolar osmonu falakda boshlangan.

DUSHMAN PAYDO BO‘LISHI

4, 5. a) Ilon orqali Momo Havo bilan kim gaplashdi? b) Qanday qilib yaxshi va rostgo‘y kishi o‘g‘riga aylanib qolishi mumkin?

4 Muqaddas Kitobning birinchi sahifalaridan, Adan bog‘ida Xudoga qarshi chiqqan dushman haqida bilib olyapmiz. Bu dushman «ilon» deb tasvirlangan, lekin u oddiy ilon emas. Muqaddas Kitobning oxirgi sahifalarida bu dushmanning shaxsi aniq ko‘rsatildi: «Iblis va shayton deb atalgan, butun dunyoni aldab yo‘ldan ozdirayotgan o‘sha almisoq ilon» (Ibtido 3:1; Vahiy 12:9). Ushbu ko‘zga ko‘rinmas ruh, ya’ni qudratli farishta xuddi qo‘g‘irchoqboz kabi ilondan foydalanib, Momo Havo bilan gaplashdi. Xudo yerni odamlar uchun tayyorlayotganida, bu ruhiy shaxs Xudoning huzurida bo‘lgani shubhasizdir (Ayub 38:4, 7).

5 Yahovaning barcha ijodlari mukammal bo‘lsa, «Shayton Iblis» qayerdan paydo bo‘ldi, deb so‘rarsiz? Qisqasini aytganda: Xudoning bir farishtasi Iblisga aylandi. Bu qanday bo‘lishi mumkin? Oddiy misol, hatto yaxshi va rostgo‘y bo‘lgan kimsa ham o‘g‘riga aylanib qolishi mumkin. Qanday qilib deysizmi? Avvaliga odam o‘z qalbidan yomon fikrlarni o‘tkazadi. Keyin, bu fikrlar ko‘ngilda o‘rnashib qolib, mustahkam bir kuchga aylanadi. Va bir kun emas, bir kun odam yomon yo‘lga kirib ketishiga olib keladi (Yoqub 1:13–15).

6. Qanday qilib Xudoning bir farishtasi Shayton Iblisga aylandi?

6 Shunday hol Shayton Iblis bilan ham yuz berdi. Xudo Odam Ato bilan Momo Havoga ko‘payinglar, deb aytayotganida shuni Shayton ham eshitgan edi (Ibtido 1:27, 28). Balki u: «Nimaga insonlar menga emas, Xudoga topinishlari kerak ekan!» — deb o‘ylagandir. Xullas, bu fikr Shaytonning qalbida o‘rnashib, yomon oqibatga olib keldi. U Momo Havoni aldab, Xudoga tuhmat uyushtirdi (Ibtido 3:1–5). Shu tariqa u «Iblis», ya’ni «Tuhmatchiga» va «Shayton», ya’ni «Dushmanga» aylandi.

7. a) Nimaga Odam Ato bilan Momo Havo o‘lishdi? b) Nimaga Odam Atoning avlodlari bo‘lmish bari qarib o‘lmoqda?

7 Shayton makkorlik va yolg‘on ila Odam Ato bilan Momo Havoni itoatsizlikka og‘dirdi (Ibtido 2:17; 3:6). Natijada, Xudo ogohlantirganiday ular itoatsizliklari tufayli o‘lishdi (Ibtido 3:17–19). Odam Ato gunoh qilgani sababli, nomukammal bo‘lib avlodlariga gunohni meros qilib qoldirdi (Rimliklarga 5:12). Buni quyidagi misol bilan taqqoslash mumkin: non qolipini olaylik. Agar qolipning ezilgan joyi bo‘lsa, undan chiqqan har bir non ezilgan joyining izi bilan chiqmaydimi? Bunga o‘xshab, Odam Atoning avlodi bo‘lgan har bir inson nomukammallik «izi» bilan chiqdi. Ayni shu sababdan barcha insonlar qarib o‘lmoqda (Rimliklarga 3:23).

8, 9. a) Shayton qanday badniyat da’volarni ko‘tardi? b) Nima sababdan Yahova isyonchilarni darhol yo‘q qilib yubormadi?

8 Shayton Odam Ato bilan Momo Havoni Xudoga qarshi gunoh qilishga og‘dirib, isyon ko‘tardi. U Xudoning boshqaruvini shubha ostiga soldi. Shayton xuddi: «Xudo yomon hukmdor. U qo‘l ostidagilaridan yaxshilikni yashiradigan yolg‘onchi. Odamlarga Xudoning boshqaruvi kerak emas. Ular o‘zlari ham yaxshilik bilan yomonlikning farqiga bora olishadi. Odamlar mening boshqaruvim ostida baxtliroq bo‘lishadi»,⁠— deganday bo‘ldi. Xudo bunday badniyat da’volarga qanday javob berar ekan? Ba’zilarning fikricha, isyonchilarni yo‘q qilib yuborish osonroq bo‘lar edi. Biroq bu, Shaytonning da’volariga javob bo‘la olarmidi? Bu bilan Xudoning boshqaruvi eng oliy ekanligi tasdiqlanarmidi?

9 Yahova Taolo oliy donoligi ila isyonchilarni shu zahotiyoq yo‘q qilib yubormadi. Xudo Shaytonga da’volarini tasdiqlashi uchun yetarlicha vaqt ajratib berdi va uning qanchalik yolg‘onchi ekanligini fosh qilmoqchi bo‘ldi. Shuningdek Xudo: «Odamlar Shaytonning ta’siri ostida qolib, hukm surib ko‘rishsin-chi»,⁠— degan qarorga keldi. Yahovaning nima sababdan shunday yo‘l tutgani va nega shuncha vaqt ajratgani, shu kitobning 11- bobida muhokama qilinadi. Hozir esa bir zum to‘xtab, bu haqda o‘ylab ko‘ring: Ular uchun hech bir yaxshilik qilib qo‘ymagan Shaytonga ishonib, Odam Ato bilan Momo Havo to‘g‘ri yo‘l tutishdimi? Nahotki shuncha ezgulik qilgan Yahovani zolim yolg‘onchi deb bo‘lsa? Siz shunday qilgan bo‘larmidingiz?

10. Qanday qilib Yahova Taolo tomonida turishingiz mumkin?

10 Bu savollar ustidan mulohaza qilib ko‘rish muhim, chunki ular har birimizga tegishli. Ha, siz Yahova Taolo tomonida turib, Shaytonning da’volariga javob berish imkoniyatiga egasiz. Hayotingiz bilan Yahovani hukmdor sifatida tan oling, shunda Shayton yolg‘onchi ekanini tasdiqlagan bo‘lasiz (Zabur 72:28; Hikmatlar 27:11). Ming afsuski, milliardlab yer aholisining oz qismigina shunday qilmoqda. Agar shunday bo‘lsa, balki bu dunyoning hokimi Shaytondir? Muqaddas Kitob nima demoqda?

BU DUNYONING HOKIMI KIM?

Agar dunyoning saltanatlari Shaytonning izmida bo‘lmaganida, ularni Isoga qanday qilib taklif etar edi?

11, 12. a) Qanday qilib Isoning vasvasa qilinishi, bu dunyoning hokimi Shayton ekanini ko‘rsatyapti? b) Qaysi oyatlar buni tasdiqlab bermoqda?

11 Bu dunyoning hokimi Shayton ekanidan Iso payg‘ambar hech qachon shubhalanmagan edi. Bir marta Shayton Isoni vasvasa qilib, unga mo‘jiza ila «dunyoning barcha saltanatlarini hamda ularning hashamatini» ko‘rsatib: «Agar tiz cho‘kib menga sajda qilsang, bularning hammasini senga beraman»,⁠— deb va’da berdi (Matto 4:8, 9; Luqo 4:5, 6). O‘ylab ko‘ring, agar saltanatlar Shaytonning hukmi ostida bo‘lmaganida, buni vasvasa deb bo‘larmidi? Iso payg‘ambar barcha saltanatlar Shaytonning izmida ekanini rad etmagan. Aks holda, albatta shunday qilgan bo‘lar edi.

12 Albatta, Yahova Qodir Alloh va ulkan olamning Parvardigoridir (Vahiy 4:11). Biroq, Muqaddas Kitobning hech bir oyatida bu dunyoning hokimi Xudo deb aytilmagan. Aksincha, Iso aynan Shaytonni: «Bu dunyoning hokimi»,⁠— deb atagan (Yuhanno 12:31; 14:30; 16:11). Muqaddas Kitob Iblis Shaytonni: «Bu dunyoning tangrisi»,⁠— deb tasvirlaydi (2 Korinfliklarga 4:3, 4). Ushbu dushman to‘g‘risida Isoning shogirdi Yuhanno: «Butun dunyo esa yovuz shaytonning hukmidadir»,⁠— deb ta’kidladi (1 Yuhanno 5:19).

SHAYTONNING DUNYOSI YO‘Q QILINADI

13. Nima sababdan yangi dunyoga muhtojmiz?

13 Dunyomiz bora-bora xavf-xatarli bo‘lib ketmoqda. Diyonatsiz siyosatchilar, ikkiyuzlamachi diniy rahbarlar va shafqatsiz jinoyatchilar odamlarni ezib zulm o‘tkazmoqda. Va buni o‘zgartirishga hech bir odamning qurbi yetmaydi. Lekin Muqaddas Kitobning ko‘rsatishicha, Xudo yaqin orada bu yovuz dunyoni Hor-Magido‘n jangida yo‘q qiladi. Va uning o‘rniga adolat hukm suradigan Xudoning yangi dunyosi keladi (Vahiy 16:14–16).

14. Xudoning Shohligida hokim bo‘lishi uchun, Yahova Taolo kimni tanladi va bunga nisbatan qanday bashoratlar bor?

14 Yahova Taolo samoviy Shohligiga, ya’ni hukumatiga Masih deb tanilgan Iso payg‘ambarni hokim qilib tayinladi. Muqaddas Kitobning bir qadimgi bashoratida: «Mana, biz uchun chaqaloq tug‘ildi, bizga bir o‘g‘il berildi. Hukmronlik uning yelkasiga yuklanur. U... Tinchlik Hukmroni deb nomlanur... shohligi uzra abadiy hukmronlik va tinchlik bo‘lgay»,⁠— deb yozilgan (Ishayo 9:6, 7, YADT). Ayni shu Shohlik haqida Iso Masih shogirdlariga ibodat qilishni o‘rgatgan edi: «Sening Shohliging kelsin. Osmonda bo‘lgani kabi, yerda ham Sening irodang bajo kelsin» (Matto 6:10). Yaqin kelajakda Xudoning Shohligi yerdagi barcha shohliklarni yo‘q qilib, tanho o‘zi boshqaradi (Doniyor 2:44). Shunda Xudoning Shohligi ostida yer yuzi jannatga aylanadi.

YANGI DUNYO YAQINDIR!

15. «Yangi yer» nimani anglatadi?

15 «Xudoning ahd qilgani bo‘yicha, biz adolat hukm suradigan yangi yer va yangi osmonni kutayapmiz»,⁠— deb ishontirmoqda Muqaddas Kitob (2 Butrus 3:13; Ishayo 65:17). Ba’zan Muqaddas Kitob «yer» so‘zi ostida unda yashovchi odamlarni nazarda tutadi. Xullas, «yangi yer» — Xudo inoyat ko‘rsatgan odamlarni anglatadi.

16. Xudo inoyatini ko‘rsatgan odamlarga qanday qimmatbaho hadya beriladi va unga erishish uchun nima qilish darkor?

16 Isoning va’dasiga ko‘ra, Xudo inoyat ko‘rsatgan odamlar «abadiy hayotga» ega bo‘ladilar (Mark 10:30). Marhamat, Injilni ochib, Yuhanno 3:16- va 17:3- oyatlaridagi Isoning so‘zlarini o‘qing. Bu oyatlarda abadiy hayotga erishish uchun zaruriy bo‘lgan narsalar aytilgan. Hozir esa keling, ushbu qimmatbaho hadyaga ega bo‘lganlarni, kelajak jannatda qanday qut-barakalar kutayotganini muhokama qilaylik.

17, 18. Nimaga tinch va xotirjam hayot bo‘lishiga ishonch hosil qilishimiz mumkin?

17 Yovuzlik, jinoyatchilik, zo‘ravonlik va urushlar boshqa bo‘lmas. «Fosiq yo‘q bo‘lur... Beozorlar esa yer yuziga ega bo‘lajak» (Zabur 36:10, 11). Yer chetlariga qadar Xudo janglarni to‘xtatgani sababli, tinchlik o‘rnatiladi (Zabur 45:10; Ishayo 2:4). U paytda «solih yashnagay, oy yo‘q bo‘lguncha [ya’ni abadiy] tinchlik-osoyish bo‘lgay» (Zabur 71:7).

18 Yahovaning xizmatchilari xotirjam yashashadi. Qadimgi isroilliklar Xudoga itoat qilishganida xotirjam yashashgan (Levilar 25:18, 19). Kelajak jannatda xuddi shunday xotirjam yashash qanchalik quvonchli bo‘ladi-a! (Ishayo 32:18; Mixo 4:4).

19. Yangi dunyoda oziq-ovqat mo‘l bo‘lishini qayerdan bilamiz?

19 Oziq-ovqatda yetishmovchilik bo‘lmas. «O‘lka bo‘ylab bug‘doy hosili mo‘l bo‘lgay... tog‘u tepa boshlarida hilpillagay»,⁠— deyilgan Zabur 71:16- oyatida. Yahova Taolo solih bandalarini duo qilganida, «yer o‘z hosilini beradi» (Zabur 66:7).

20. Butun yer yuzi jannatga aylanishiga nimaga ishonch hosil qilishimiz mumkin?

20 Butun yer yuzi jannatga aylanadi. Bugun xarob qilinayotgan yer tozalanib, chiroyli bog‘laru uylar bilan bezalgan bo‘ladi (Ishayo 65:21–24; Vahiy 11:18). Asta-sekin butun yer yuzi xuddi go‘zal Adan bog‘i kabi bo‘ladi. Shunda Xudo qo‘lini ochib, har bir jonzotni marhamatiga to‘ydiradi (Zabur 144:16).

21. Odamlar va hayvonlar o‘rtasida tinchlik bo‘lishini qayerdan bilamiz?

21 Odamlar va hayvonlar o‘rtasida tinchlik bo‘ladi. Yirtqich va uy hayvonlari birgalashib o‘tlab yurishadi. Hozir xavfli hisoblangan hayvonlardan hatto go‘dak ham qo‘rqmaydi (Ishayo 11:6–9; 65:25).

22. Dardu darmonsizlik bilan nima bo‘ladi?

22 Dardu darmonsizlik boshqa bo‘lmas. Iso Masih yerda bo‘lgan paytida ko‘p odamni davolagan edi. Samoviy Shoh sifatida ham, Iso barcha odamlarning sog‘u omon bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qiladi (Matto 9:35; Mark 1:40–42; Yuhanno 5:5–9). O‘sha payt «yashovchilardan hech biri: “Men kasalman”,⁠— demaydi» (Ishayo 33:24, YADT; 35:5, 6).

23. Nimaga tirilish qalbimizga quvonch keltiradi?

23 O‘lganlar tirilib, boshqa hech qachon o‘lmaslik umidiga ega bo‘ladilar. Xudoning xotirasida bo‘lgan barcha o‘lganlar tiriltiriladi. Darhaqiqat, «solih bilan fosiqlar tiriltiriladi» (Havoriylar 24:15; Yuhanno 5:28, 29).

24. Yer yuzidagi jannatda yashash imkoniyati to‘g‘risida qanday fikrdasiz?

24 Parvardigori Olam Yahova to‘g‘risida bilgan va Unga xizmat qilganlarni qanchalik ajoyib kelajak kutmoqda! Iso yonidagi o‘layotgan qaroqchiga: «Men bilan birga jannatda bo‘lasan»,⁠— deb va’da berganida, yer yuzidagi jannatni nazarda tutgan edi (Luqo 23:43). Barcha kelajak barakalari Iso Masih orqali amalga oshar ekan, u to‘g‘risida bilim olish qanchalik muhim.