Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

3-DARS

Muqaddas Kitob chindan ham Xudodanmi?

Muqaddas Kitob chindan ham Xudodanmi?

1. Muqaddas Kitobning muallifi kim?

Muqaddas Kitobda odamlar yer yuzida abadiy yashashi haqidagi xushxabar yozilgan. (Zabur 37:29) Muqaddas Kitob 66 ta kitobchadan iborat. Xudo uning yozilishida 40 nafar sadoqatli kishidan foydalangan. Bu kitobchalardan beshtasini taxminan 3 500 yil avval Muso payg‘ambar yozgan. Oxirgisini esa 1 900 dan ziyod yil ilgari Xudoning xizmatchisi Yuhanno qalamga olgan. Ushbu yozuvchilar kimning fikrlarini yozishgan? Tangri bu yozuvchilarning ongiga O‘z fikrlarini jo qilgan. Alloh ularning ayrimlariga farishtalar hamda vahiylar orqali gapirgan. (Vahiy 1:1) Ba’zida esa nima yozish kerakligini ularga Xudoning O‘zi aytgan. Shunday ekan, Muqaddas Kitobning muallifi Tangri Yahovadir. Chiqish 34:27; 2 Timo‘tiyga 3:16 ni o‘qing.

2. Muqaddas Kitob o‘zgartirilmaganiga qanday amin bo‘lishimiz mumkin?

Muqaddas Kitob — Xudoning Kalomi. Chunki u yerda kelajak aniq va batafsil bashorat qilingan. Hech bir inson buning uddasidan chiqa olmaydi. (Yoshua 23:14) Faqatgina Qodir Tangri odamlarning kelajagini aniq bashorat qila oladi. Ishayo 42:9; 46:10 ni o‘qing.

Shubhasizki, Xudoning Kalomi betakrordir. Bugungi kunda Muqaddas Kitobning milliardlab nusxalari yuzlab tillarda chop etilgan. Garchi bu kitob qadimiy bo‘lsa-da, u ilm-fan bilan hamohangdir. Shunisi e’tiborga loyiqki, uning 40 ta yozuvchisi bir-biriga uyg‘un tarzda yozgan *. Muqaddas Kitobda aytilgan barcha narsa Allohning sevgisidan dalolat bermoqda va hozirga qadar u insonlarning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirmoqda. Xo‘sh, Muqaddas Kitob o‘zgartirilganmi? Bu kitobning qariyb 2 000 yil oldin yozilgan qo‘lyozmalari topilgan. Ular bu kitob bizning kunlarimizgacha o‘zgarmay yetib kelganini tasdiqlayapti. (Ishayo 40:8) Xudo Uning Kalomi o‘zgartirilishiga aslo yo‘l qo‘ymaydi. Zabur 12:6, 7; 1 Butrus 1:24, 25 ni o‘qing.

3. Muqaddas Kitobda nima haqida yozilgan?

Muqaddas Kitobda xushxabar, ya’ni mehribon Allohimiz insoniyat uchun ajoyib kelajakni niyat qilgani to‘g‘risida aytilgan. Bu kitobda ilk juftlik jannatda yashash imkonini qay yo‘sin yo‘qotgani va kelajakda jannat qanday qilib tiklanishi to‘g‘risida yozilgan. Vahiy 21:4, 5 ni o‘qing.

Muqaddas Kitob qonunlar, prinsiplar va maslahatlarni ham o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, u yerda Tangrining fazilatlarini ochib beradigan ko‘pgina voqealar yozilgan. Buning hammasi Parvardigorimizni yaxshiroq tanib-bilishingizga yordam beradi. Muqaddas Kitobda qanday qilib siz Uning do‘sti bo‘lishingiz mumkinligi ham tushuntirilgan. Zabur 19:7, 11; Yoqub 2:23; 4:8 ni o‘qing.

4. Muqaddas Kitobni qay yo‘sin tushuna olasiz?

Ushbu risola Muqaddas Kitobni tushunishingizga ko‘maklashadi. Unda o‘tmishda payg‘ambarlar qo‘llagan usuldan foydalanilgan. O‘sha kishilar Tavrotni odamlarga o‘qib, «o‘qilganlarni anglashga» yordam berishgan. Naximiyo 8:8 ni o‘qing.

Xudoning xushxabari odamni o‘ziga jalb qiladi. Biroq ayrim kishilar unga beparvo, boshqalarning esa unga achchig‘i keladi. Bu sizga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymang. Zero, abadiy yashash umidingiz Allohimiz haqidagi bilimlar bilan chambarchas bog‘liq. Yuhanno 17:3 ni o‘qing.

 

^ 3- x.b. «Hammabop kitob» risolasiga qarang.