2 Korinfliklarga 7:1-16
7 Azizlarim, bizlarga shunday va’dalar berilgan ekan+, kelinglar, tana va ruhiyatimizni bulg‘aydigan har qanday narsadan o‘zimizni poklab+, Xudodan qo‘rqib, muqaddasligimizni kamolotga yetkazaylik.
2 Qalbingizdan biz uchun o‘rin beringlar+. Axir biz hech kimga ziyon yetkazmadik, hech kimni yo‘ldan urmadik, hech kimdan manfaat ko‘zlamadik+.
3 Buni sizlarni ayblash uchun gapirayotganim yo‘q. Ilgari aytganimdek, o‘lsak ham, yashasak ham, sizlar bizning qalbimizdasiz.
4 Sizlar bilan hamma narsani bemalol gaplasha olaman. Men sizlar bilan ko‘p maqtanaman. Barcha qayg‘u-alamlarimizga qaramay, tasalliga boyman, quvonchim ichimga sig‘mayapti+.
5 Hatto Makedoniyaga kelganimizda+ ham tinchlik topmadik. Aksincha, avvalgidek har tomondan siquvga olindik, ya’ni tashqaridan kuchli qarshilikka, ichkaridan qo‘rquvga duch keldik.
6 Shunga qaramay, ruhi tushkunlarga tasalli beruvchi Alloh+ bizga ham Titusning tashrifi orqali tasalli berdi.
7 Biz Titusning tashrifi bilangina emas, balki uning sizlardan tasalli olgani haqida eshitib taskin topdik. U meni ko‘rishni juda istayotganingiz, qayg‘urayotganingiz va men uchun ko‘rsatayotgan g‘ayratingiz to‘g‘risida xabar keltirib, menga katta quvonch bag‘ishladi.
8 Maktubim bilan sizlarni xafa qilgan bo‘lsam ham+, bundan pushaymon emasman. Garchi avvaliga pushaymon yegan bo‘lsam-da (chunki maktubimdan qisqa muddat xafa bo‘lganingizni tushundim),
9 hozir xursandman. Xafa bo‘lganingizdan emas, aksincha, bu sizlarni tavbaga yetaklaganidan xursandman. Zero sizlar Tangriga ma’qul tarzda xafa bo‘ldingizlar, shuning uchun bizdan hech qanday zarar ko‘rmadingizlar.
10 Tangriga ma’qul tarzda xafa bo‘lish najot keltiruvchi tavbaga turtki beradi, bundan esa pushaymon bo‘lish kerak emas+. Ammo dunyoga xos xafa bo‘lish o‘lim keltiradi.
11 Tangriga ma’qul keladigan xafagarchilik sizlarda tirishqoqlikni, oqlanishni, yomonlikdan nafratlanishni, Xudodan qo‘rqishni, tavba qilish istagini, g‘ayratni va xatoni tuzatishni hosil qilganiga bir qaranglar!+ Ushbu masalada har tomonlama pok ekaningizni ko‘rsatdingizlar.
12 Men ushbu maktubni yomon ish qilib qo‘ygan kishiga ham+, undan ziyon ko‘rgan kishiga ham yozganim yo‘q. Aksincha, sizlarning biz uchun ko‘rsatayotgan tirishqoqligingiz oralaringizda hamda Allohning nazarida oshkor bo‘lsin, deb yozdim.
13 Ana shu sababdan biz ham taskin topdik.
Tasalli olganimizdan tashqari, Titusning xursand bo‘lganidan ham nihoyatda quvondik, chunki barchangiz unga dalda berdingiz.
14 Men sizlar bilan uning oldida maqtangan bo‘lsam-da, uyatga qolganim yo‘q. Sizlarga aytgan barcha narsalarimiz rost bo‘lganidek, Titusning oldida sizlar bilan maqtanganimiz ham to‘g‘ri bo‘lib chiqdi.
15 U barchangizning itoatkorligingiz hamda uni ehtirom bilan qabul qilganingizni eslaganida+, sizlarga bo‘lgan mehri tobora ortib boryapti.
16 Har jihatdan sizlarga ishonish mumkinligidan xursandman*.
Izohlar
^ Boshqa variant «Sizlar tufayli har jihatdan dadillikka ega bo‘lganimdan xursandman».