Shohlar to‘rtinchi kitob 1:1-18

  • Ilyos Oxaziyoning o‘limini bashorat qiladi (1-18)

1  Axabning o‘limidan so‘ng, Mo‘ab+ Isroilga qarshi isyon ko‘tardi.  Bir kuni Oxaziyo Samariyadagi uyining tomi panjarasidan yiqilib jarohatlandi. U xabarchilarni chaqirtirib: «Exron+ xudosi Baal-Zabub yoniga borib, tuzalamanmi yoki yo‘qmi surishtirib kelinglar»+,— dedi.  Biroq Yahovaning farishtasi tishbalik Ilyosga*+ dedi: «Samariya shohining xabarchilariga peshvoz chiqib, shunday deb ayt: “Isroilda Xudo yo‘qmidiki, Exron xudosi Baal-Zabubdan surishtirgani ketyapsizlar?+  Shu bois, Yahova shohga: “Yotgan joyingdan qaytib turmay o‘lasan”,— demoqda”». Shunday qilib, Ilyos bu topshiriqni bajardi.  Xabarchilar qaytib kelishganida, shoh ulardan: «Nega qaytib keldingizlar?» — deb so‘radi.  Ular javoban deyishdi: «Ketayotganimizda bir kishi bizga peshvoz chiqib dedi: “Sizlarni yuborgan shohning oldiga qaytinglar-da, unga: “Yahova shunday demoqda: “Isroilda Xudo yo‘qmidiki, Exron xudosi Baal-Zabubdan surishtirgani xabarchilar yubording? Shu sababli, yotgan joyingdan qaytib turmay o‘lasan”+,— deb aytinglar”».  Shoh ulardan: «Sizlarga peshvoz chiqib, bu so‘zlarni aytgan odamning ko‘rinishi qanaqa edi?» — deya so‘radi.  Xabarchilar esa: «U junli kiyim+ kiygan, belida charm kamari+ bor edi»,— deyishdi. Shoh darhol: «Bu, tishbalik Ilyos-ku!» — dedi.  Keyin shoh uning yoniga ellikboshini 50 ta sipohi bilan jo‘natdi. Ilyos tog‘ tepasida o‘tirganida, ellikboshi uning oldiga chiqib dedi: «Ey haq Tangrining odami+, shoh: “Yonimga tush!” — deb buyurdi». 10  Ammo Ilyos unga: «Agar men Xudoning odami bo‘lsam, osmondan olov tushib+, sen bilan 50 ta sipohingni yutib yuborsin»,— dedi. Shunda osmondan olov tushib, ellikboshi bilan 50 ta sipohini yutib yubordi. 11  So‘ng shoh uning yoniga boshqa ellikboshini 50 ta sipohi bilan jo‘natdi. Ellikboshi uning oldiga chiqib dedi: «Ey haq Tangrining odami, shoh: “Tezda yonimga tush!” — deb buyurdi». 12  Lekin Ilyos ularga: «Agar men Xudoning odami bo‘lsam, osmondan olov tushib, sen bilan 50 ta sipohingni yutib yuborsin»,— dedi. Shunda osmondan olov tushib, ellikboshi bilan 50 ta sipohini yutib yubordi. 13  Shoh uning yoniga uchinchi marta ellikboshini 50 ta sipohi bilan jo‘natdi. U bo‘lsa Ilyosning oldiga chiqib tiz cho‘kdi-da, iltifot so‘rab dedi: «Ey, haq Tangrining odami, o‘tinaman, menga va shu 50 ta sipohingiz joniga rahm qiling. 14  Osmondan olov tushib, ikkita ellikboshini sipohlari bilan birga yutib yubordi, ammo mening jonimga rahm qiling». 15  Yahovaning farishtasi Ilyosga: «U bilan birga tush. Undan qo‘rqma»,— dedi. Ilyos u bilan birga shohning oldiga tushdi. 16  So‘ngra Ilyos shohga dedi: «Yahova shunday demoqda: “Isroilda Xudo yo‘qmidiki, Exron+ xudosi Baal-Zabubdan surishtirgani xabarchilar yubording?+ Nega Isroil Xudosidan surishtirmading? Shu sababli, yotgan joyingdan qaytib turmay o‘lasan”». 17  Shunday qilib, Yahovaning Ilyos orqali aytgan so‘zlariga binoan, u hayotdan ko‘z yumdi. Oxaziyoning o‘g‘li bo‘lmagani uchun, o‘rniga Yohuram*+ taxtga o‘tirdi. Bu, Yahudo shohi Yohushafat o‘g‘li Yohuram hukmronligining+ ikkinchi yili sodir bo‘ldi. 18  Oxaziyoning+ hayoti va amalga oshirgan ishlari Isroil shohlari tarixi yozilgan kitobda bayon etilgan.

Izohlar

Ma’nosi «Yahova mening Xudoyimdir».
Ya’ni Oxaziyoning ukasi.