Chiqish 20:1-26

  • O‘nta amr (1-17)

  • Isroil xalqi ko‘rganlaridan qo‘rqib ketadi (18-21)

  • Topinish borasida yo‘l-yo‘riqlar (22-26)

20  Keyin Xudo mana bu so‘zlarni aytdi+:  «Men sizlarni Misrdan, sizlar qullikda bo‘lgan yurtdan* olib chiqqan Tangringiz Yahovaman+.  Mendan o‘zga xudolaringiz bo‘lmasin+.  O‘zingiz uchun na osmonda, na yerda, na suvlarda mavjud bo‘lgan hech bir narsaning o‘yma tasviri yoki shaklini yasamanglar+.  Ularga sajda va xizmat qilmanglar+. Chunki Men, Xudoyingiz Yahova mutlaq sadoqatni talab qiladigan Tangriman+. Mendan nafratlangan otalarning gunohi oqibatlarini ularning o‘g‘illari, nevaralari va evaralari boshdan kechirishiga yo‘l qo‘yaman;  lekin Meni sevib, amrlarimga amal qilganlarning ming-ming avlodlariga mehr-sadoqatimni namoyon etaman+.  Allohingiz Yahovaning ismini noo‘rin tarzda tilga olmanglar+, chunki Yahova Uning ismini noo‘rin tarzda tilga olgan kishini jazosiz qoldirmaydi+.  Shabbat kuni muqaddas ekanini yodingizda tutinglar+.  Olti kun mehnat qilib, ishlaringizni shu kunlar ichida bajaringlar+. 10  Ammo yettinchi kun Tangringiz Yahovaga atalgan Shabbat bo‘ladi. Na o‘zingiz, na o‘g‘il-u qizingiz, na qul-u cho‘ringiz, na uy hayvoningiz, na yashash joyingizdagi musofir hech qanday ish qilmasin+. 11  Zero, Yahova olti kun ichida osmon-u yerni, dengiz va undagi bor narsani yaratib, yettinchi kuni dam olishni boshladi+. Shu bois, Yahova yettinchi kunni muborak qilib, uni muqaddas qildi. 12  Yahova sizlarga berayotgan yurtda uzoq umr ko‘rish uchun, ota-onangizni hurmat qilinglar+. 13  Qotillik qilmanglar+. 14  Zino qilmanglar+. 15  O‘g‘rilik qilmanglar+. 16  Yaqiningizga qarshi soxta guvohlik bermanglar+. 17  Yaqiningizning uyiga ko‘z olaytirmanglar. Na uning xotiniga, na qul-u cho‘risiga, na qoramoliga, na eshagiga va unga tegishli hech bir narsaga ko‘z olaytirmanglar»+. 18  Butun xalq momaqaldiroq gumburlab, chaqmoq chaqqaniga guvoh bo‘ldi, burg‘u ovozini eshitdi va tog‘dan tutun chiqayotganini ko‘rdi. Bularni ko‘rib eshitgach, ularni titroq bosdi va ular joylaridan qo‘zg‘almay turishdi+. 19  Ular Musoga: «Bizga o‘zingiz gapiring, biz esa eshitamiz. Xudo bizga gapirmasin, aks holda o‘lib ketamiz»+,— deyishdi. 20  Shunda Muso ularga: «Qo‘rqmanglar. Chunki haq Tangri sizlarni sinash uchun+ hamda doimo Undan qo‘rqib, gunoh qilmasligingiz uchun kelgan»+,— deb aytdi. 21  Xalq uzoqda joyidan qo‘zg‘almay turdi, Muso esa haq Xudo turgan joyga, qora bulutga yaqin bordi+. 22  Keyin Yahova Musoga quyidagicha dedi: «Isroil o‘g‘illariga mana bunday deb ayt: “O‘zlaringiz ko‘rganingizday, Men sizlarga osmondan gapirdim+. 23  Kumush va oltindan xudolar yasamanglar. Zero, Mendan bo‘lak xudolaringiz bo‘lmasligi kerak+. 24  Men uchun tuproqdan qurbongoh yasab, uning ustida kuydiriladigan qurbonlig-u tinchlik qurbonliklarini keltiringlar hamda qo‘y-echki va qoramolingizni qurbon qilinglar. Ismim tilga olinishi uchun Men tanlaydigan hamma joyda+ yoningizga kelib, sizlarga baraka yog‘diraman. 25  Bordi-yu, qurbongohni toshdan quradigan bo‘lsangiz, uni yo‘nilgan toshlardan bunyod etmanglar+. Qurbongohni yasashda keskich ishlatsangiz, uni harom qilib qo‘yasizlar. 26  Jinsiy a’zolaringiz ko‘rinib qolmasligi uchun, qurbongohimga zina ham yasamanglar”.

Izohlar

So‘zma-so‘z «qullar uyidan».