Havoriylar 4:1-37
4 Butrus bilan Yuhanno gapirib turgan paytda ruhoniylar, ma’bad soqchilarining nazoratchisi hamda sadduqiylar+ ularning oldiga kelishdi.
2 Havoriylar Isoni misol tariqasida keltirib, tirilish to‘g‘risida xalqga ochiqchasiga ta’lim berishayotganidan+ ularning g‘ashi kelgan edi.
3 Ular Butrus bilan Yuhannoni qo‘lga olishdi, biroq kech kirgani uchun ularni keyingi kungacha qamab qo‘yishdi+.
4 Ammo havoriylarning gaplarini eshitib, ko‘plar ishondi. Ishonganlarning soni 5 000 ga yaqin edi+.
5 Ertasiga yahudiylarning boshliqlari, oqsoqollar hamda ulamolar* Quddusda yig‘ilishdi.
6 Bosh ruhoniy Hanan+, Kayafa+, Yuhanno va Iskandar, shuningdek, bosh ruhoniyning hamma qarindoshlari o‘sha yerda edi.
7 Ular Butrus bilan Yuhannoni o‘rtalariga turg‘izib: «Bu ishni qanday huquq va kimning nomi bilan qilyapsizlar?» — deb savol berishdi.
8 Shunda Butrus muqaddas ruhga to‘lib+ dedi:
«Ey xalq boshliqlari va oqsoqollar,
9 hozir bu xasta odamga qilgan yaxshiligimiz uchun bizni tergab+, unga kim shifo berganini bilmoqchi bo‘lsangiz,
10 sizlarga va butun Isroil xalqiga ma’lum bo‘lsin: bu kishi sizlar ustunga mixlagan+, ammo Xudo tiriltirgan+ nosiralik Iso Masih nomi bilan+ sog‘ayib, oldingizda turibdi.
11 Iso — “siz quruvchilar keraksiz deb tashlagan tosh, burchakka qo‘yiladigan negiz toshi* bo‘lib chiqdi”+.
12 Odamlarni undan boshqa hech kim qutqara olmaydi, chunki najot topishimiz uchun+ osmon-u falak ostida odamlarga berilgan boshqa ism yo‘q»+.
13 Butrus bilan Yuhanno qo‘rqmasdan gapirishayotganini ko‘rib, ular o‘qimagan* va oddiy odamlar+ ekanini payqagach, g‘oyat ajablanishdi. Keyin bu kishilar Iso bilan birga bo‘lganini tushunib yetishdi+.
14 Boz ustiga, shifo topgan odam ham ular bilan birga turganini ko‘rib+, biror so‘z aytishga jur’at eta olishmadi+.
15 Shunda ularga Oliy Kengash* zalidan chiqib turishni buyurishdi, o‘zlari esa bir-biri bilan shunday deya maslahat qila boshlashdi:
16 «Bu odamlarni nima qilsak ekan?+ Axir ular orqali mo‘jiza sodir bo‘lganini butun Quddus ahli biladi+, biz ham buni inkor etolmaymiz.
17 Bu narsalar xalq orasida tarqalmasligi uchun, kelinglar, u kishining nomidan hech narsa gapirmasinlar deya, do‘q urib ularni qo‘rqitib qo‘yaylik»+.
18 Keyin ularni chaqirtirib, Isoning nomini tilga olib hech narsa demaslikni va ta’lim bermaslikni buyurishdi.
19 Ularga javoban Butrus bilan Yuhanno shunday deyishdi: «O‘zlaringiz o‘ylab ko‘ringlar, Allohning nazarida Unga emas, sizlarga quloq solish adolatdanmi?
20 Bizlar esa ko‘rgan-eshitganlarimizni aytmay turolmaymiz»+.
21 Kengash a’zolari ularni jazolash uchun biror sabab topa olishmagani bois, ularga yana do‘q-po‘pisa qilib, qo‘yib yuborishdi. Ustiga-ustak, yuz bergan hodisa uchun Xudoni sharaflayotgan xalqdan ham qo‘rqishardi+.
22 Chunki mo‘jizaviy tarzda sog‘aygan kishining yoshi 40 dan oshgan edi.
23 Ozod etilgach, Butrus bilan Yuhanno boshqa shogirdlarning yoniga qaytib, bosh ruhoniylar-u oqsoqollar ularga nimalar deganini aytib berishdi.
24 Bu gaplarni eshitgach, ularning hammasi birgalashib Allohga shunday ibodat qilishdi:
«Ey Oliy Hukmdor, Sen yer-u ko‘kni, dengiz va ulardagi bor narsani yaratgan Zotsan+.
25 Muqaddas ruhing orqali xizmatkoring bo‘lmish bobokalonimiz Dovudning+ og‘zi bilan shunday degansan: “Nega millatlar g‘alayon ko‘tarmoqda, nega xalqlar puch narsalar haqida o‘ylamoqda?
26 Yer yuzi shohlari bosh ko‘tardi va hukmdorlar birlashib, Yahovaga* hamda Uning moylanganiga* qarshi chiqdi”+.
27 Mana, o‘zga xalqlardan bo‘lgan Hirod* va Pontiy Pilat+ ushbu shaharda isroilliklar bilan birga yig‘ilib, Sen boshiga moy quyib tanlagan muqaddas xizmatkoringga+ qarshi til biriktirishdi.
28 Bu bilan ular, Sen O‘z qudrating va xohishing bilan oldindan belgilagan ishlarni amalga oshirishdi+.
29 Endi esa, ey Yahova*, ularning do‘q-po‘pisalariga e’tibor ber, kalomingni gapirish uchun qullaringga jasorat ato et.
30 Shuningdek, shifo berish uchun qo‘lingni uzatib, muqaddas xizmatkoring Iso nomidan+ alomat-u mo‘jizalar yaratavergin»+.
31 Ular iltijo qilib bo‘lganlaridan keyin, o‘tirgan joylari silkinib ketdi va ularning har biri muqaddas ruhga to‘lib+, Tangrining kalomini jasorat bilan gapira boshladi+.
32 Ishonganlarning ko‘pi bir jon*, bir tan* bo‘lib, hech kim o‘z mulkini meniki demasdi, aksincha, hamma narsani umumiy deb bilishardi+.
33 Havoriylar ham Hazrati Isoning tirilgani to‘g‘risida ta’sirchan shohidlik berishardi+. Xudo esa ularni nihoyatda barakali qildi.
34 Oralaridan hech kim muhtojlik ko‘rmasdi+. Mol-mulki borlar yerlarini-yu uylarini sotib, pulini olib kelishardi
35 va havoriylarga berishardi+. Ular esa buni hammaga ehtiyojiga qarab taqsimlashardi+.
36 Shunday odamlardan biri Yusuf ismli, levilar avlodidan bo‘lgan kiprlik bir kishi edi. Havoriylar unga Barnabo+ (ma’nosi «tasalli o‘g‘li») deb nom berishgandi.
37 U o‘z yerini sotib, pulini havoriylarga berdi+.
Izohlar
^ Ya’ni diniy maktablarda tahsil olmagan.
^ Yoki «Masihiga».
^ So‘zma-so‘z «bir qalb, bir jon».