Hizqiyo 18:1-32
18 Yahova menga yana so‘zini ayon qildi:
2 «Sizlar Isroil yurtida: “Otalar nordon uzum yedi, o‘g‘illarining esa tishlari qamashyapti”+,— deb aytib yurgan maqol nimani anglatadi?
3 Oliy Hukmdor Yahova demoqda: “Hayotim bilan qasam ichib aytamanki, Isroilda bu maqolni boshqa aytib yurmaysizlar.
4 Hamma odamlarning joni Menga tegishlidir. Otaning joni ham, bolaning joni ham Menga tegishli. Faqat gunoh qilayotgan jon o‘ladi”.
5 “Deylik, kishi odil bo‘lib, adolatli va to‘g‘ri ishlar qiladi.
6 Tog‘larda butlarga keltirilgan qurbonliklarni yemaydi+, Isroil xonadonining jirkanch butlariga* umid bog‘lamaydi, yaqinining xotini bilan yotmaydi+, ayol hayz ko‘rganda u bilan jinsiy aloqa qilmaydi+.
7 U hech kimga yomon muomala qilmaydi+, aksincha qarzdor kishi garovga qoldirgan narsani qaytarib beradi+. U talonchilik qilmaydi+, aksincha, och kishiga o‘z ovqatini beradi+ va yalang‘och kishini kiyintiradi+.
8 U foiz talab qilmaydi, sudxo‘rlik ham qilmaydi+, aksincha, adolatsizlarcha yo‘l tutishdan qochadi+, da’volashayotgan tomonlarga adolat ila hukm chiqaradi+,
9 nizomlarim va hukmlarimni bajarib, vijdonan yo‘l tutadi. Bunday kishi odil bo‘lib, albatta yashaydi”+,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova.
10 “Deylik, bu kishining o‘g‘ri+ yoki qotil+, yo shunga o‘xshash boshqa ishlarni qiladigan o‘g‘li bor.
11 Otasi bularning birortasini qilmasa ham, u tog‘larda butlarga keltirilgan qurbonliklarni yeydi, yaqinining xotini bilan yotadi,
12 muhtoj va kambag‘alga yomon muomalada bo‘ladi+, talonchilik qiladi, garovga olgan narsani qaytarib bermaydi, jirkanch butlarga umid bog‘laydi+, razil ishlarni qilib yuradi+,
13 sudxo‘rlik qiladi, foiz talab qiladi+. Bunday o‘g‘il yashamaydi. Qilgan barcha razil ishlari tufayli u albatta o‘ladi. Uning qoni o‘z bo‘ynida bo‘ladi.
14 Aytaylik, o‘g‘il otasi qilgan barcha gunohlarni ko‘radi, ammo ko‘rsa ham, bunday ishlarni qilmaydi.
15 U tog‘larda butlarga keltirilgan qurbonliklarni yemaydi, Isroil xonadonining jirkanch butlariga umid bog‘lamaydi, yaqinining xotini bilan yotmaydi,
16 hech kimga yomon muomala qilmaydi, qarzdor kishi garovga qoldirgan narsani o‘ziga olib qolmaydi, talonchilik qilmaydi, och kishiga o‘z ovqatini beradi, yalang‘och kishini kiyintiradi,
17 kambag‘alni ezmaydi, sudxo‘rlik qilmaydi, foiz talab qilmaydi, nizomlarim va hukmlarim bo‘yicha yo‘l tutadi. Bunday kishi otasining gunohlari uchun o‘lmaydi. U albatta yashaydi.
18 Ammo otasi yolg‘on ishlatib birodarining mol-mulkini talagani va xalqi orasida noto‘g‘ri ishlar qilgani uchun, o‘z gunohi tufayli o‘ladi.
19 Biroq sizlar: “Nega farzand otasining gunohlari uchun aybdor bo‘lmaydi?” — deb so‘raysizlar. Chunki farzand adolatli va to‘g‘ri ishlar qildi. U nizomlarim bo‘yicha yo‘l tutib, ularga amal qilgani uchun albatta yashaydi+.
20 Faqat gunoh qilgan jon o‘ladi+. Farzand otasining gunohlari uchun aybdor bo‘lmaydi, ota ham farzandining gunohlari uchun aybdor bo‘lmaydi. Odil kishi o‘z odilligiga ko‘ra hukm qilinadi, yovuz kishi esa o‘z yovuzligiga ko‘ra hukm qilinadi+.
21 Agar yovuz kishi barcha gunohlaridan qaytib, nizomlarim bo‘yicha yo‘l tutsa, adolatli va to‘g‘ri ishlar qilsa, u albatta yashaydi. U o‘lmaydi+.
22 Uning birorta qilmishi yodga olinmaydi+. U qilgan adolatli ishlari tufayli yashaydi”+.
23 “Men yovuz odamning o‘limidan zavq toparmidim?!+ — demoqda Oliy Hukmdor Yahova. — U o‘z yo‘lidan qaytib yashashi Men uchun afzalroq emasmi?!”+
24 “Agar odil inson odilligini qoldirib yomon ishlar qilsa, yovuz kishi qilgan jirkanch ishlarga qo‘l ursa, u yashaydimi? Uning birorta ham adolatli ishi yodga olinmaydi+. Sadoqatsizligi va gunohi tufayli u o‘ladi+.
25 Ammo sizlar: “Yahova adolatsiz yo‘l tutyapti”+,— deysizlar. Tinglang, ey, Isroil xonadoni! Hali Men adolatsiz yo‘l tutyapmanmi?!+ Adolatsizlik qilayotgan sizlar emasmi?!+
26 Agar odil inson odilligini qoldirib yomon ishlar qilgani tufayli o‘lsa, u o‘z qilmishlari dastidan o‘lgan bo‘ladi.
27 Bordi-yu, yovuz odam qilgan yovuzligini tashlab, adolatli va to‘g‘ri ishlar qila boshlasa, u o‘z hayotini saqlab qoladi+.
28 Qilmishlari yomon ekanini tushunib ularni tashlasa, u albatta yashaydi. U o‘lmaydi.
29 Ammo Isroil xonadoni: “Yahova adolatsiz yo‘l tutyapti”,— deydi. Ey, Isroil xonadoni, hali Men adolatsiz yo‘l tutyapmanmi?!+ Adolatsizlik qilayotgan sizlar emasmi?!”
30 “Shuning uchun, ey Isroil xonadoni, har biringizni tutgan yo‘llaringizga ko‘ra hukm qilaman+, — demoqda Oliy Hukmdor Yahova. — Yo‘lingizdan qaytinglar! Ha, tavba qilib barcha qilmishlaringizdan qaytinglar! Toki ular oldingizda qoqintiradigan tosh bo‘lib, sizlarni gunohga yetaklamasin.
31 Qilmishlaringizni o‘zingizdan soqit qilinglar+, yangi qalb va yangi ruhga ega bo‘linglar+. Ey Isroil xonadoni, o‘lishingizning nima keragi bor?!”+
32 “Men hech kimning o‘limidan zavq topmayman+, — demoqda Oliy Hukmdor Yahova. — Shunday ekan, yo‘lingizdan qayting va yashang”»+.
Izohlar
^ Ibroniycha bu atama ehtimol, «go‘ng» so‘ziga yaqin bo‘lib, hazar qilishni ifodalash maqsadida qo‘llaniladi.