Luqo 8:1-56
-
Isoga ergashgan ayollar (1-3)
-
Urug‘ sepuvchi haqida masal (4-8)
-
Iso masallar keltirganining sababi (9, 10)
-
Urug‘ sepuvchi haqidagi masalning ta’rifi (11-15)
-
Chiroq idish bilan yopilmaydi (16-18)
-
Isoning onasi va ukalari (19-21)
-
Iso bo‘ronni tinchlantiradi (22-25)
-
Iso jinlarni quvib chiqaradi (26-39)
-
Yairning qizi. Bir ayol Isoning ustki kiyimiga qo‘l tekkizadi (40-56)
8 Oradan ko‘p o‘tmay, Iso shahar-u qishloqlar bo‘ylab Xudoning Shohligi haqida va’z qilib yurdi+. U bilan birga 12 ta shogirdi
2 hamda yovuz ruhlar va kasalliklardan xalos etilgan ayrim ayollar ham bor edi. Ichidan yettita jin chiqib ketgan magdalalik Maryam ham ular bilan edi.
3 Shuningdek, Hirodning uy boshqaruvchisi Xuzaning xotini Yo‘anna+, Susanna va ko‘pgina boshqa ayollar Isoning orqasidan ergashib+, o‘z mol-mulklarini unga va havoriylariga xizmat qilish uchun sarflashardi.
4 Turli shaharlardan kelganlar ham qo‘shilib, Isoning oldida katta xaloyiq to‘planganda, u so‘z boshlab, quyidagi masalni aytib berdi+:
5 «Urug‘ sepuvchi urug‘ sepgani chiqibdi. Urug‘larni sepgan ekan, ba’zilari yo‘l yoqasiga tushib, oyoq osti bo‘libdi hamda qushlar kelib, ularni cho‘qib ketibdi+.
6 Ayrimlari toshloq yerga tushibdi. Urug‘lar ko‘karib chiqibdi-yu, namlik yetishmagani uchun qurib qolibdi+.
7 Boshqalari tikanlar orasiga tushgan ekan, tikanlar urug‘lar bilan birga o‘sib chiqib, ularni bo‘g‘ib qo‘yibdi+.
8 Yana boshqa urug‘lar esa yaxshi tuproqqa tushibdi. Ular unib chiqib, 100 barobar ko‘p hosil beribdi»+. Iso bularni aytib bo‘lgach, baland ovozda: «Qulog‘i borlar uqib olsin»+,— dedi.
9 Shunda shogirdlari Isodan bu masalning ma’nosini so‘rashdi+.
10 Iso ularga shunday javob berdi: «Xudo sizlarga Osmon Shohligining muqaddas sirlarini ochib berdi, qolganlar uchun esa eshitganlarining hammasi masal bo‘lib qolaveradi+. Toki ular qarab turib, ko‘rishmasin, eshitib turib, tushunishmasin+.
11 Masalning ma’nosi esa shunday: urug‘ Allohning kalomini anglatadi+.
12 Yo‘l yoqasiga tushgan urug‘ shunday odamlarni bildiradi: ular Xudoning kalomini eshitishadi, lekin Iblis kelib, ular ishonmasligi va qutqarilmasligi uchun, kalomni qalblaridan olib ketadi+.
13 Toshloq yerga tushgan urug‘ — kalomni eshitiboq, uni quvonch bilan qabul qilganlarni bildiradi. Ammo chuqur tomir otishmagani sababli, ular vaqtincha ishonib yurib, sinovga duchor bo‘lishganda imondan qaytishadi+.
14 Tikanlar orasiga tushgan urug‘ shundaylarni anglatadi: ular kalomni eshitishadi-yu, lekin turmush tashvishlari, boylik+ va aysh-ishratga berilib+, bo‘g‘ilib qolishadi-da, hosili pishmay qoladi+.
15 Yaxshi yerga tushgan urug‘ esa shunday kishilarni bildiradi: ular qalbi toza, yaxshi insonlar bo‘lib, kalomni eshitishadi va uni dillariga jo qilib+, sabr-bardosh bilan hosil keltirishadi+.
16 Hech kim chiroqni yoqib, ustini idish bilan yopmaydi yoki xontaxtaning* tagiga qo‘ymaydi. Aksincha, kirganlar yorug‘likni ko‘rsin, deya uni chiroqpoyaga qo‘yadi+.
17 Axir oshkor bo‘lmaydigan hech qanday sir yo‘q, ma’lum va ayon bo‘lmaydigan yashirin narsa ham yo‘q+.
18 Shunday ekan, qanday tinglayotganingizga diqqat qilinglar. Chunki kimda bor bo‘lsa, unga yana beriladi+. Kimda yo‘q bo‘lsa, bor deb o‘ylagan narsasi ham undan tortib olinadi»+.
19 Isoning oldiga onasi bilan ukalari+ kelishdi. Ammo xaloyiq ko‘pligidan yoniga bora olishmadi+.
20 Shunda unga: «Onangiz bilan ukalaringiz sizni ko‘rmoqchi bo‘lib tashqarida turishibdi»,— deb aytishdi.
21 Iso ularga: «Mening onam va ukalarim Tangrining kalomini tinglab, uni bajo keltiruvchilardir»+,— deb javob berdi.
22 Bir kuni Iso shogirdlari bilan qayiqga o‘tirib: «Ko‘lning narigi tomoniga suzib o‘taylik»,— dedi. Shunda ular suzib ketishdi+.
23 Suzib ketayotganlarida Iso uxlab qoldi. To‘satdan ko‘lda qattiq bo‘ron ko‘tarilib, qayiq suvga to‘la boshlaganidan, ular xavf ostida qolishdi+.
24 Shogirdlar Isoning yoniga borib: «Ustoz, Ustoz, halok bo‘lyapmiz!» — deya uni uyg‘otishdi. U o‘rnidan turib, shamolga va to‘lqinlanayotgan suvga do‘q urdi. Shu ondayoq bo‘ron tinchib, jimjit bo‘lib qoldi+.
25 So‘ng Iso shogirdlariga: «Ishonchingiz qani?» — dedi. Ammo ular juda qo‘rqib, dong qotib qolishdi-da, shunday deyishdi: «Bu qanday odamki, shamol bilan suvga buyruq berib, ularni bo‘ysundiryapti-ya?!»+
26 Ular sohilga, Jalilaning qarshisidagi gerasliklar yurtiga suzib kelishdi+.
27 Iso sohilga chiqishi bilan, oldiga jinga chalingan bir odam keldi. Yaqin joydagi shahardan bo‘lgan bu kishi ko‘pdan beri uyda emas, qabrlar orasida yashab, yalang‘och yurardi+.
28 Isoni ko‘riboq, u baqirib yubordi-da, tiz cho‘kkancha baland ovozda: «Ey, Xudoyi Taoloning O‘g‘li Iso, menda nima ishing bor? O‘tinaman, meni qiynama!»+ — dedi.
29 (Sababi, Iso jinga bu kishining ichidan chiqib ketishni buyurgan edi. U ko‘p marta jinning ta’siri ostida bo‘lardi*+. Uni qayta-qayta kishan-u zanjirlar bilan bog‘lab, qo‘riqlagan bo‘lishsa-da, u zanjirlarni uzib, jinning ta’sirida kimsasiz joylarga qochib ketardi.)
30 Iso undan: «Isming nima?» — deb so‘radi. U bo‘lsa: «Tumonat*»,— dedi, chunki uning ichiga ko‘p jinlar kirib olgan edi.
31 Jinlar Isoga yolvorib, ularni tubsizlikka*+ yubormaslikni so‘rashdi.
32 O‘sha yerda tog‘da katta cho‘chqa+ podasi o‘tlab yurgandi. Jinlar Isoga yolvorib, ularning ichiga kirishga ruxsat so‘rashdi. U ruxsat berdi+.
33 Shunda ular bu odamdan chiqib, cho‘chqa podasiga kirib olishdi. Cho‘chqalar esa jarlikdan ko‘lga sakrab cho‘kib o‘ldi.
34 Cho‘chqaboqarlar buni ko‘rib, yugurib borishdi-da, bo‘lgan voqeani shahar-u qishloqlarda gapirib berishdi.
35 Shunda xalq nima bo‘lganini ko‘rish uchun Isoning oldiga yo‘l oldi. Ular kelishganda, ichidan jinlar chiqqan kishi kiyinib, es-hushli holda Iso bilan birga o‘tirganini ko‘rib, qo‘rqib ketishdi.
36 O‘sha odamning jinlardan qanday qutulganini ko‘rganlar buni hammaga so‘zlab berishdi.
37 Shunda gerasliklar yurtining atroflaridan kelgan olomon Isodan u yerdan chiqib ketishni so‘radi, chunki ularni vahima bosgan edi. Shunda Iso qayiqga tushib, qaytib ketdi.
38 Jinlardan xalos bo‘lgan kishi esa Iso bilan birga yurishni iltimos qildi. Lekin Iso uni uyiga jo‘natib+:
39 «Uyingizga qayting va Alloh sizga nimalar qilganini aytib bering»,— dedi. U kishi borib, Iso unga nimalar qilganini butun shaharda e’lon qila boshladi.
40 Iso Jalilaga qaytib kelganida, xaloyiq uni quvonch bilan qarshiladi, chunki hamma uni kutib turgan edi+.
41 Shu payt, Yair ismli ibodatxona boshlig‘i keldi. U Isoning oyoqlari ostiga yuz tuban tiz cho‘kib, uyiga borishni o‘tinib so‘radi+.
42 Boisi, uning 12 yoshlardagi yolg‘iz qizi o‘lim to‘shagida yotgan edi.
Iso ketayotib, xaloyiqning siquvida qoldi.
43 Omma orasida 12 yildan buyon qon ketishidan+ azob chekayotgan va hech kim shifolay olmagan bir ayol+
44 Isoga orqa tomonidan yaqinlashib, ustki kiyimining etagiga qo‘lini tekkizdi+. Shu ondayoq uning qon ketishi to‘xtadi.
45 Shunda Iso: «Kim menga qo‘lini tekkizdi?» — deb so‘radi. Hech kim tan olmagach, Butrus: «Ustoz, axir xaloyiq sizni o‘rab, siqib turibdi-ku»+,— dedi.
46 Iso bo‘lsa: «Kimdir menga qo‘lini tekkizdi, chunki mendan bir kuch+ chiqqanini sezdim»,— deb aytdi.
47 Isoning sezib qolganini ko‘rib, ayol titragancha uning oldiga keldi. U tiz cho‘kib, nima sababdan qo‘lini tekkizganini va o‘sha zahoti qanday qilib dardidan xalos bo‘lganini hammaning oldida aytib berdi.
48 Iso ayolga: «Singlim*, ishonchingiz tufayli sog‘ayib ketdingiz. Eson-omon boravering»+,— dedi.
49 U hali gapirib turganida, ibodatxona boshlig‘ining uyidan bir kishi kelib: «Qizingiz vafot etdi. Endi Ustozni ovora qilmay qo‘yavering»+,— deb aytdi.
50 Buni eshitib, Iso Yairga: «Qo‘rqmang, qizingiz qutqariladi. Faqat ishonsangiz bas»+,— dedi.
51 Iso uning uyiga kelgach, ichkariga Butrus, Yuhanno, Yoqub va qizning ota-onasidan boshqa hech kimning kirishiga ruxsat bermadi.
52 U yerga yig‘ilganlar esa ko‘ksiga urib, qizcha uchun zor yig‘lashardi. Ammo Iso ularga: «Yig‘lamanglar+. Qizcha o‘lgani yo‘q, uxlayapti, xolos»+,— dedi.
53 Shunda ular Isoni mazax qilib ustidan kula boshlashdi. Chunki qizchaning o‘lganini bilishardi.
54 Iso bo‘lsa uning qo‘lidan ushlab: «Qizaloq, o‘rningdan tur!»+ — deya murojaat qildi.
55 Shu ondayoq qizcha tirilib*+, o‘rnidan turdi+. Iso unga ovqat berishlarini buyurdi.
56 Uning ota-onasi hang-u mang bo‘lib qolishgandi. Iso esa ularga ushbu voqea to‘g‘risida hech kimga aytmaslikni uqtirdi+.
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «karavotning».
^ Boshqa variant «U uzoq vaqt davomida jinning ta’siri ostida yurgan edi».
^ So‘zma-so‘z «Qizim».
^ So‘zma-so‘z «uning ruhi (hayotiy kuchi) qaytdi». Lug‘atdagi «ruh» so‘ziga q.