Mark 10:1-52
10 Iso u yerdan ketib, Iordanning narigi tomonidagi Yahudiya chegaralariga keldi. Uning oldiga yana tumonat odam yig‘ildi va u odatdagiday ularga ta’lim bera boshladi+.
2 Shunda farziylar kelib, Isoni sinash niyatida, erkak kishi o‘z xotinidan ajralishi qonuniy yoki noqonuniyligini so‘rashdi+.
3 Iso bo‘lsa ulardan: «Muso payg‘ambar sizlarga nimani buyurgan?» — deb so‘radi.
4 Ular unga: «Muso payg‘ambarimiz taloq xatini yozib, ajralishga ruxsat etgan»+,— deyishdi.
5 Iso ularga shunday dedi: «Bag‘ritosh+ bo‘lganingiz uchun Muso payg‘ambar ushbu amrni yozib qoldirgan+.
6 Biroq Parvardigor boshdanoq odamlarni “erkak va ayol qilib yaratgan+.
7 Shuning uchun kishi ota-onasini qoldirib+,
8 ikkovi bir tan bo‘ladi”+. Demak, endi ular ikki emas, balki bir tan hisoblanadi.
9 Shunday ekan, Alloh birga qo‘shganini* bandasi ajratmasin»+.
10 Ular yana uyda bo‘lganlarida, shogirdlari bu haqda Isodan so‘radilar.
11 Iso ularga shularni aytdi: «Kim xotinidan ajralib, boshqasiga uylansa, birinchi xotiniga bevafolik qilgan bo‘ladi+.
12 Eridan ajralib, boshqasiga turmushga chiqqan ayol ham bevafolik qilgan bo‘ladi»+.
13 Iso qo‘lini tekkizsin deb, odamlar uning oldiga bolalarini olib kela boshlashdi. Lekin shogirdlar ularni koyib berishdi+.
14 Buni ko‘rgan Iso achchiqlanib dedi: «Bolajonlarga to‘sqinlik qilmanglar, oldimga kelaverishsin. Axir Xudoning Shohligi shundaylarnikidir+.
15 Ishonavering, kim Xudoning Shohligini shu jajji bolakaydek qabul qilmasa, unga aslo kira olmaydi»+.
16 Keyin Iso bolalarni quchoqlab, ustilariga qo‘lini qo‘yib+ duo qildi.
17 Iso yo‘lga chiqmoqchi bo‘lib turganida, bir kishi uning oldiga yugurib kelib, tiz cho‘kkancha: «Valine’mat* Ustozim, abadiy hayotga erishish uchun nima qilishim kerak?» — deb so‘radi+.
18 Iso unga javoban dedi: «Nega meni valine’mat* deyapsiz? Allohdan boshqa hech kim valine’mat emas+.
19 Axir: “Qotillik qilmang+, zino qilmang+, o‘g‘rilik qilmang+, soxta guvohlik bermang+, yolg‘on gapirmang+, ota-onangizni hurmat qiling”+,— degan amrlarni bilasiz-ku».
20 U kishi esa: «Ustoz, men bolaligimdan bularga amal qilib kelyapman»,— dedi.
21 Shunda Iso unga mehr bilan qaradi-da, shunday dedi: «Bajarishingiz kerak bo‘lgan yana bir narsa bor: borib bor-yo‘g‘ingizni soting-da, kambag‘allarga tarqating. Shunda osmonda xazinangiz bo‘ladi. So‘ng kelib, mening izdoshim bo‘ling»+.
22 Bu so‘zlarni eshitgach, u xafa bo‘lib, qayg‘u ichida u yerdan ketdi, chunki uning mol-mulki juda ko‘p edi+.
23 Iso atrofga qarab, shogirdlariga: «Puldor odamning Xudoning Shohligiga kirishi naqadar qiyin!»+ — dedi.
24 Ammo shogirdlar bu so‘zlardan ajablanishdi. Iso bo‘lsa shunday dedi: «Bolalar, Xudoning Shohligiga kirish naqadar qiyin!
25 Boy kishining Xudoning Shohligiga kirishidan ko‘ra, tuyaning igna teshigidan o‘tishi osonroq»+.
26 Ular battar ajablanib undan*: «U holda kim najot topa oladi?» — deb so‘rashdi+.
27 Iso ularga qarab: «Bu odamlar uchun imkonsizdir, ammo Alloh uchun emas. Chunki Alloh uchun hamma narsaning imkoni bor»+,— dedi.
28 Shunda Butrus: «Mana, biz bor-yo‘g‘imizni qoldirib, orqangizdan ergashib keldik»+,— deb aytdi.
29 Iso bo‘lsa shunday dedi: «Ishonavering, meni va xushxabarni deb uy-joy, aka-uka, opa-singil, ota-ona, bola-chaqa va yer-u mulkini qoldirgan har kim+
30 hozirning o‘zida, shu vaqtda, quvg‘unlar+ bilan birga, 100 barobar ortiq uy-joy, aka-uka, opa-singil, ota-ona, bola-chaqa hamda yer-u mulkka, kelajak zamonada* esa abadiy hayotga erishadi.
31 Ammo birinchilardan ko‘pi oxirgi, oxirgilar esa birinchi bo‘ladi»+.
32 Ular Quddus tomon yo‘l olishdi. Iso oldinda ketayotgan edi. Shogirdlar hayron bo‘lib, orqadagilar bo‘lsa qo‘rqib borishardi. Iso yana 12 shogirdini chetga chiqarib, ularga o‘zi bilan nimalar sodir bo‘lishi haqda aytib bera boshladi+:
33 «Mana, biz Quddusga boryapmiz. U yerda Inson O‘g‘lini bosh ruhoniylar va ulamolar qo‘liga tutib berishadi. Ular bo‘lsa uni o‘limga mahkum etib, o‘zga xalqlarning qo‘liga topshirishadi.
34 Ular uni masxara qilishadi, yuziga tupurishadi, qamchilashadi va o‘ldirishadi. Lekin uch kundan keyin u tiriladi»+.
35 Zabadiyning o‘g‘illari Yoqub bilan Yuhanno+ Isoning oldiga kelib: «Ustoz, bizning bir iltimosimiz bor. Uni bajo keltirishingizni istar edik»+,— deyishdi.
36 Iso: «Nima qilishimni istaysizlar?» — deb so‘radi.
37 Ular unga: «Ulug‘vorlikka erishganingizda birimiz o‘ng tomoningizga, ikkinchimiz chap tomoningizga o‘tirishimizga ijozat bering»+,— deb aytishdi.
38 «Sizlar nima so‘rayotganingizni bilmaysizlar. Men ichayotgan kosadan* icha olasizlarmi? Men boshdan kechirayotgan narsani* sizlar ham boshdan kechira olasizlarmi?»+ — deya so‘radi.
39 Ular bo‘lsa: «Albatta»,— deyishdi. Shunda Iso ularga quyidagilarni aytdi: «Men ichadigan kosadan ichib, men boshdan kechirayotgan narsani* boshdan kechirasizlarku-ya+,
40 ammo o‘ng yoki chap tomonimda kim o‘tirishini men hal qilmayman. Bu o‘rinlar kim uchun tayyorlab qo‘yilgan bo‘lsa, o‘shalarniki bo‘ladi».
41 Qolgan o‘nta shogird buni eshitib, Yoqub bilan Yuhannodan achchiqlana boshlashdi+.
42 Biroq Iso ularni yoniga chaqirib, shunday dedi: «Hukmdor deya atalganlar xalqlar ustidan boshqarishini va buyuk odamlar xalqlarga hokimlik qilishini bilasizlar-ku+.
43 Ammo sizlarning orangizda bunday bo‘lmasin. Orangizda kim buyuk bo‘lishni istasa, sizlarga xizmatkor bo‘lsin+.
44 Orangizda kim birinchi bo‘lishni xohlasa, sizlarga qul bo‘lsin.
45 Chunki Inson O‘g‘li ham o‘ziga xizmat qildirishga emas, aksincha, xizmat qilgani+ va ko‘plar uchun jonini* to‘lov sifatida bergani kelgan»+.
46 Shunday qilib ular Yerixoga kelishdi. Iso, shogirdlar va bir to‘da odamlar Yerixodan chiqib ketishayotganda, yo‘l chekkasida Bartimey (Timey o‘g‘li) degan bir ko‘r sadaqa so‘rab o‘tirardi+.
47 Nosiralik Isoning o‘tib ketayotganini eshitib, u: «Ey, Dovudning O‘g‘li+ Iso, menga rahm-shafqat qiling!»+ — deb baqira boshladi.
48 Odamlar unga jim bo‘lishni buyurishsa ham, u yanada baland ovozda: «Ey, Dovudning O‘g‘li Iso, menga rahm-shafqat qiling!» — deya qichqirardi.
49 Oxiri Iso to‘xtab: «Uni chaqiringlar»,— dedi. Ko‘r kishini chaqirgani borganlar: «Dadil bo‘lib, o‘rningizdan turing. U sizni chaqiryapti»,— deyishdi.
50 U ustki kiyimini yechib tashladi-da, shartta o‘rnidan turib, Isoning yoniga keldi.
51 Iso undan so‘radi: «Mendan nima istaysiz?» Ko‘r kishi esa: «Ustoz*, ko‘zlarim ochilsin»,— dedi.
52 Iso unga: «Boravering, ishonchingiz tufayli sog‘ayib ketdingiz»+,— deb aytdi. Shu zahotiyoq uning ko‘zlari ochildi+ va u Isoning orqasidan ergashdi.
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «bitta bo‘yinturuqga qo‘shganini».
^ So‘zma-so‘z «Yaxshi».
^ So‘zma-so‘z «yaxshi».
^ Boshqa variant «bir-biridan».
^ So‘zma-so‘z «cho‘mdirilishni».
^ «Kosa» so‘zi ramziy ma’noda Iso, Xudoning irodasi bilan soxta guvohlarning haqoratiga qolib, o‘lishini bildiradi.
^ So‘zma-so‘z «cho‘mdirilishni».
^ Yoki «hayotini».
^ So‘zma-so‘z «Rabbuniy».