Mark 12:1-44
12 Keyin Iso ularga masallar keltira boshladi: «Bir kishi uzumzor+ o‘tqazibdi-da, atrofini panjara bilan o‘rab, ichida uzum ezish uchun joy hozirlabdi. So‘ng minora quribdi-da+, uni bog‘bonlarga ijaraga berib, o‘zi esa uzoq safarga ketibdi+.
2 Hosil yig‘ish payti kelganda, bog‘bonlar mevalarni terib berishsin deb ularning oldiga xizmatkorini yuboribdi.
3 Ammo bog‘bonlar uni ushlashibdi-da, urib, quruq qo‘l bilan jo‘natishibdi.
4 Uzumzor egasi yana bir xizmatkorni yuboribdi. Lekin ular uning boshini yorib, xo‘rlab jo‘natishibdi+.
5 Shundan keyin u yana bitta xizmatkorni yuboribdi. Biroq bog‘bonlar uni o‘ldirishibdi. O‘sha kishi ko‘p boshqa xizmatkorlarini jo‘natgan ekan, lekin ular ba’zilarini kaltaklab, boshqalarini esa o‘ldirishibdi.
6 Uzumzor egasining sevikli bir o‘g‘li+ bor ekan. Oxiri u o‘g‘lini bog‘bonlarning oldiga yuborib: “Hech bo‘lmasa o‘g‘limni hurmat qilishar”,— debdi.
7 Bog‘bonlar esa bir-biriga: “Axir bu merosxo‘r-ku!+ Kelinglar, uni o‘ldiramiz, shunda meros bizniki bo‘ladi”,— deyishibdi.
8 Xullas, ular o‘g‘ilni ushlab olib o‘ldirishibdi va uzumzor tashqarisiga chiqarib tashlashibdi+.
9 Xo‘sh, uzumzor egasi bog‘bonlarni endi nima qilar ekan? U kelib, bog‘bonlarni o‘ldiradi-da, uzumzorni boshqalarga ijaraga beradi+.
10 Nahot Muqaddas Yozuvlardagi: “Quruvchilar keraksiz deb tashlagan tosh, burchakka qo‘yiladigan negiz toshi* bo‘lib chiqdi+.
11 Buni Yahovaning* O‘zi qildi va ko‘z o‘ngimizda mo‘jiza bo‘ldi”+,— deyilganini o‘qimagan bo‘lsangiz?»
12 Bosh ruhoniylar, ulamolar va oqsoqollar Iso bu masalni ular haqida aytganini payqab, uni shu ondayoq qo‘lga tushirmoqchi bo‘lishdi-yu, biroq xalqdan qo‘rqishdi. Shu sababli, ular Isoni qoldirib ketishdi+.
13 Bundan keyin ular Isoni so‘zidan tuzoqga ilintirish uchun oldiga farziylardan ba’zilarini va Hirodning tarafdorlarini yuborishdi+.
14 Ular kelib: «Ustoz, siz rostgo‘y ekaningizni va Allohning yo‘li to‘g‘risida haqiqatni o‘rgatishingizni bilamiz. Shuningdek, kimlargadir ma’qul bo‘lishga intilmaysiz, chunki siz insonning tashqi ko‘rinishiga qarab muomala qilmaysiz. Bizga ayting-chi, podshohga* jon solig‘ini to‘lash kerakmi yoki yo‘qmi?
15 Xo‘sh, to‘laylikmi yo to‘lamaylikmi?» Iso ularning ikkiyuzlamachiligini bilib: «Nega meni sinayapsizlar? Qani, menga dinorni* ko‘rsatinglar-chi»,— dedi.
16 Ular unga bir dinor olib kelishdi. Keyin Iso ulardan so‘radi: «Bu yerdagi surat va ism kimniki?» Ular: «Podshohniki»,— deyishdi.
17 Shunda Iso ularga: «Unda podshohning haqini podshohga+, Allohning haqini Allohga beringlar»+,— deb javob berdi. Ular Isoning gaplaridan dong qotib qolishdi.
18 So‘ng tirilishga ishonmaydigan sadduqiylar+ kelib, Isoga shunday savol berishdi+:
19 «Ustoz, Muso payg‘ambarimiz aytgan edilarki, agar kishi farzand ko‘rmay o‘tib ketsa, ukasi uning xotiniga uylanib akasiga avlod qoldirishi kerak+.
20 Bizda yettita aka-uka bor edi. Kattasi uylanib, farzand ko‘rmay o‘tib ketdi.
21 Shunda uning xotiniga ikkinchisi uylanib, farzandsiz o‘tib ketdi. Xuddi shunday vaziyat uchinchisi bilan ham yuz berdi.
22 Shunday qilib, yettovi ham bola ko‘rmay vafot etdi. Oxiri ayol ham qazo qildi.
23 Xo‘sh, o‘lganlar tirilganda, bu ayol qaysi birining xotini hisoblanadi? Axir yettovi ham unga uylangan-ku».
24 Iso ularga javoban aytdi: «Sizlar Muqaddas Yozuvlarni ham, Xudoning qudratini ham bilmaganingiz uchun adashyapsizlar+.
25 Axir odamlar tirilganda na uylanishadi, na erga tegishadi. Lekin ular farishtalar kabi bo‘lishadi+.
26 Tirilish borasida, Musoning Tavrot kitobida, yonayotgan buta haqidagi hikoyada Alloh: “Men Ibrohimning, Is’hoqning va Yoqubning Tangrisiman”+,— deganini o‘qimaganmisizlar?
27 U o‘liklarning emas, tiriklarning Xudosidir. Xullas, sizlar yomon adashyapsizlar»+.
28 Shu payt ulamolardan biri, ularning munozarasini va Isoning ularga yaxshi javob berganini eshitib, Isodan: «Qaysi amr eng muhim hisoblanadi?»+ — deya so‘radi.
29 Iso o‘sha kishiga javob berib dedi: «Eng muhim amr: “Tinglang, ey Isroil xalqi: Allohimiz Yahova* — tanho Yahovadir*.
30 Tangringiz Yahovani* butun qalbingiz, butun joningiz*, butun ongingiz va butun quvvatingiz bilan seving”+.
31 Ikkinchisi esa: “Yaqiningizni o‘zingizni sevganday seving”+. Bu amrlardan muhimroq amr yo‘q».
32 Ulamo unga shunday dedi: «Siz haqsiz Ustoz. Chunki siz haqiqatga muvofiq aytdingiz: “Alloh — tanhodir va Undan boshqa Xudo yo‘q”+.
33 To‘g‘ri, Xudoni butun qalb, butun ong* va bor kuch bilan sevish kerak. Shuningdek, yaqinni o‘zini sevganday sevish lozim. Bu har qanday butunlay kuydiriladigan qurbonliklardan va boshqa qurbonliklardan afzalroqdir»+.
34 Shunda Iso o‘sha kishining oqilona javob berganini ko‘rib: «Siz Xudoning Shohligiga yaqinsiz»,— dedi. Shundan keyin hech kim Isoga savol berishga jur’at eta olmadi+.
35 Ma’badda ta’lim berayotib, Iso quyidagilarni aytdi: «Nima uchun ulamolar Masihni Dovudning o‘g‘li deb aytishadi?+
36 Axir Dovud muqaddas ruh ta’sirida+ shunday degan-ku: “Yahova* Hazratimga dedi: “Dushmanlaringni oyog‘ing ostiga qo‘ymagunimcha Mening o‘ng tomonimda o‘tirib tur”+.
37 Agar Dovud uni “Hazratim” deb atagan bo‘lsa, unda qanday qilib u Dovudning o‘g‘li bo‘la oladi?»+
Xaloyiq maza qilib Isoni tinglardi.
38 Iso yana shunday deya ta’lim berardi: «Ulamolardan ehtiyot bo‘linglar. Ular uzun kiyimda yurishni, bozor maydonlarida alik olishni+,
39 ibodatxonalarda yuqori o‘rinni egallashni va ziyofatlarda to‘rda o‘tirishni yaxshi ko‘rishadi+.
40 Shuningdek, ular bevalarning mol-mulkini talon-toroj qilib, xo‘jako‘rsinga uzun-uzun duolar o‘qishadi. Bundaylar og‘irroq hukmga mubtalo bo‘lishadi».
41 Keyin Iso xayr-ehson idishlariga+ pullarini solayotgan kishilarni ko‘rish uchun o‘tirdi-da, ularni kuzata boshladi. Ko‘p boyvachchalar anchagina pul tashlashdi+.
42 Bir kambag‘al beva ayol esa o‘sha joyga kelib, ikki chaqa* tashladi+.
43 Shunda Iso shogirdlarini chaqirib, ularga dedi: «Ishonavering, bu kambag‘al beva ayol hammadan ko‘proq soldi+.
44 Chunki o‘sha kishilar o‘zlaridan ortib qolganini solishdi, bu ayol esa o‘zi muhtoj bo‘la turib, qo‘lida borini ehson qildi»+.
Izohlar
^ Yoki «qaysarga». Yun. sezar.
^ So‘zma-so‘z «tushuncha».
^ So‘zma-so‘z «kodrantga teng ikki lepta». Ilovaning B14 mavzusiga q.