Voiz 9:1-18
9 Men bularning barchasi haqida o‘ylab, shunday xulosaga keldim: odil ham, dono ham, ularning ishlari ham Allohning qo‘lida ekan+. Avval yashaganlar nega bir-biriga nisbatan sevgi va nafratni his qilishgani haqida odamzod bilmaydi.
2 Butun odamzodning — odillar-u yovuzlarning+, yaxshilarning, pok va nopoklarning, qurbonlik keltiradigan-u keltirmaydiganlarning boradigan joyi bir+. Yaxshi odam bilan nima bo‘lsa, gunohkor bilan ham shunday bo‘ladi. Qasam ichgan bilan nima bo‘lsa, qasam ichishdan ehtiyot bo‘lgan bilan ham shunday bo‘ladi.
3 Quyosh ostida sodir bo‘layotgan mana bu narsa chuqur qayg‘uga soladi: barchaning boradigan joyi bir+ bo‘lgani bois, odamlarning qalbi yomonlikka to‘la. Umr bo‘yi ularning yuragi nodonlikdan xoli bo‘lmay, oxir-oqibat o‘lishadi.
4 Tiriklar orasida yurganlarning umidi bor, chunki tirik it o‘lgan sherdan yaxshiroq+.
5 Tiriklar o‘lishini biladi+, o‘lganlar esa hech narsani bilmaydi+. Endi ularning oladigan mukofoti* yo‘q, chunki ular haqidagi xotira unutilgan+.
6 Qolaversa, ularning sevgisi ham, nafrati ham, rashki ham allaqachon yo‘q bo‘lgan. Quyosh ostida sodir bo‘layotgan hech bir narsada endi ularning ulushi bo‘lmaydi+.
7 Shunday ekan, quvonch bilan taomingni yeb, shod ko‘ngil ila sharobingni ich+. Zero Alloh ishlaringdan mamnundir!+
8 Doimo oq kiyim* kiyib, boshingga xushbo‘y moy surtib yur+.
9 Xudo quyosh ostida senga bergan o‘tkinchi hayoting — o‘tib borayotgan kunlaring davomida suyukli xotining+ bilan birga hayotdan zavqlanib yasha. Chunki bu, hayotingdagi ulushing, quyosh ostida chekkan zahmating uchun senga berilgan mukofotdir+.
10 Qo‘lingdan qanday ish kelsa, uni jon-jahding bilan bajar, chunki sen boradigan qabrda*+ na ish, na reja, na bilim, na donolik bor.
11 Quyosh ostida yana bir narsani ko‘rdim: doim ham yutuq tez yugurganga, jangda g‘alaba qudratliga+, yegulik donoga, boylik aqlliga+, muvaffaqiyat esa bilimliga nasib etavermas ekan+. Sababi, ularning bari vaqt va tasodifga duch keladi.
12 Inson o‘z vaqt-soatini bilmaydi+. Baliq to‘rga, qush tuzoqga tushganiday, kutilmaganda keladigan musibat insonni tuzoqga ilintiradi.
13 Quyosh ostida donolikka oid yana bir narsaga diqqatimni qaratdim, bu menda chuqur taassurot qoldirdi:
14 aholisi oz, kichkina bir shahar bo‘lgan ekan. Bir qudratli shoh mana shu shaharga qarshi chiqib, qurshovga olibdi-da, mustahkam qamal inshootlarini quribdi.
15 O‘sha shaharda kambag‘al, ammo dono bir kishi bor ekan, u o‘z donoligi bilan shaharni qutqarib qolibdi. Lekin hech kim bu kambag‘al kishini esga olmabdi+.
16 Shunda men: «Donolik qudratdan yaxshiroq+. Ammo kambag‘alning donoligi pisand qilinmaydi, so‘zlari inobatga olinmaydi»+,— degan fikrga keldim.
17 Ahmoqlar orasidagi hukmdorning hayqiriqlariga quloq solgandan ko‘ra, dononing sekin aytgan so‘zlariga quloq solish afzalroqdir.
18 Donolik jang qurollaridan yaxshiroq. Ammo birgina gunohkor ko‘p yaxshi narsalarni yakson qiladi+.
Izohlar
^ Yoki «haqqi».
^ Yorqin rangdagi kiyim motamni emas, ko‘tarinki kayfiyatni aks etadi.
^ Ibr. sheo‘l, ya’ni insoniyatning umumiy qabri. Lug‘atdagi «mozor» so‘ziga q.