Yuhanno 15:1-27
15 Men haqiqiy tokman, Otam esa bog‘bondir.
2 Mendagi hosil bermaydigan har qanday novdani U kesib tashlaydi. Hosil keltiradiganini esa ko‘p meva bersin deya butab tozalaydi+.
3 Sizlar bo‘lsa, men aytgan kalom tufayli allaqachon tozalangansiz+.
4 Men bilan birlikda bo‘ling va men ham sizlar bilan birlikda bo‘laman. Tokda qolmagan novda o‘z-o‘zidan hosil berolmaganidek, sizlar ham men bilan birlikda bo‘lmay turib hosil berolmaysiz+.
5 Men — tokman, sizlar esa novdasiz. Kimki men bilan birlikda bo‘lsa, men ham u bilan birlikda bo‘laman va u mo‘l-ko‘l hosil keltiradi+. Chunki mensiz hech narsa qilolmaysiz.
6 Men bilan birlikda bo‘lmagan kishi esa, novda singari kesib tashlanadi va qurib qoladi. Bunday novdalarni yig‘ib olovga tashlashadi va ular yonib ketadi.
7 Agarda men bilan birlikda bo‘lib, aytganlarimni qalbingizda saqlasangiz, unda nimaiki tilasangiz sizga beriladi+.
8 Mo‘l-ko‘l hosil berib mening shogirdlarim ekaningizni isbotlasangiz, Otamni sharaflagan bo‘lasiz+.
9 Otam meni sevganidek+, men ham sizlarni sevaman. Sizlar ham mening muhabbatimdan ayrilmang.
10 Men Otamning amrlarini bajo keltirib, Uning sevgisidan ayrilmaganim kabi, sizlar ham amrlarimga rioya qilsangiz, mening sevgimdan ayrilmaysiz.
11 Sizlar menda bor bo‘lgan quvonchni to‘laligicha his eting deb, bularni sizlarga aytyapman+.
12 Mening amrim shu: men sizlarni qanday sevgan bo‘lsam, sizlar ham bir-biringizni shunday seving+.
13 Kim o‘z do‘stlari uchun jonini* bersa, bundan buyukroq sevgi yo‘qdir+.
14 Men bergan amrlarga rioya qilsangiz, mening do‘stlarim bo‘lasiz+.
15 Endi sizlarni qul deb atamayapman, chunki qul xo‘jayini nima qilayotganidan bexabar-ku. Biroq sizlarni do‘stlarim deb atayman, zero Otamdan nimaiki eshitgan bo‘lsam, barchasini sizlarga oshkor etdim.
16 Sizlar meni emas, aksincha, men sizlarni tanladim. Mo‘l-ko‘l hosil beringlar hamda hosilingiz saqlab qolinsin, deb sizlarni tayinladim. Shu yo‘sin mening nomimdan Otamdan nimaiki so‘rasangiz, U sizlarga beradi+.
17 Mening sizlarga amrim shu: bir-biringizni seving+.
18 Bordi-yu, dunyo sizlardan nafratlansa, bilingki, sizlardan avval u mendan nafratlangan+.
19 Agar dunyoga tegishli bo‘lganingizda edi, dunyo o‘ziniki kabi sizlarni ardoqlagan bo‘lardi. Men sizlarni tanlagan ekanman, dunyoga tegishli emassiz+. Shu sababli dunyo sizlardan nafratlanadi+.
20 Qul o‘z xo‘jayinidan buyuk emas, deganimni yodda tutinglar. Agar meni ta’qib qilgan bo‘lishsa, sizlarni ham ta’qib qilishadi+. Agar mening so‘zimga rioya qilgan bo‘lishsa, unda sizlarning so‘zingizga ham rioya qilishadi.
21 Sizlarga qarshi qilinadigan bu barcha narsalar mening nomim tufaylidir. Boisi meni Yuborganni ular tanimaydi+.
22 Men kelib ularga aytmaganimda edi, gunohsiz bo‘lishardi+. Endi bo‘lsa gunohlari uchun uzrlari yo‘q+.
23 Mendan nafratlangan, Otamdan ham nafratlangan bo‘ladi+.
24 Mabodo, men ularning orasida hech kim qilmagan ishni bajarmaganimda edi, ular gunohkor bo‘lishmasdi+. Ammo ular ko‘rgan holda Otamdan ham, mendan ham nafratlanishdi.
25 Biroq bu, Muqaddas Yozuvlardagi: “Mendan besabab nafratlanishdi”+,— deb aytilgani ro‘yobga chiqishi uchun sodir bo‘ldi.
26 Men sizlarga Otamdan yordamchi yuboraman. Otamdan keladigan o‘sha haqiqat ruhi+ men haqimda shohidlik beradi+.
27 Sizlar ham men haqimda shohidlik berasiz+, chunki boshidanoq men bilan bo‘lgansiz.
Izohlar
^ Yoki «hayotini».