Qadimgi yozuvlar Isroil qabilasining yashash joyini tasdiqlamoqda
Muqaddas Kitobga ko‘ra, Isroil xalqi va’da qilingan yurtni qo‘lga kiritib, uni o‘z qabilalari o‘rtasida bo‘lishib olganida, Manashe qabilasining yarmi, qolgan yarmidan farqli ravishda, Iordanning g‘arbiy hududidagi yerlarga egalik qiladigan bo‘ldi. (Yoshua 17:1–6) Buning arxeologik dalili bormi?
1910-yili Samariyada yozuvli sopol parchalar topilgandi. Ushbu parchalardagi (yoki ostrakalardagi) ibroniycha yozuvlarga binoan, poytaxt shaharda joylashgan shoh saroyiga qimmatbaho mahsulotlar, jumladan, sharob va kosmetik pardoz moyi olib kelingan. Umuman olganda, mil. avv. sakkizinchi asrga oid 102 ta ostraka topilgan, ammo faqatgina 63 tasida yozuvlarni aniq o‘qisa bo‘ladi. Ushbu 63 ta sopol parchadan jamlab olingan ma’lumotdan muayyan qabilaga tegishli kishilarning ismlarini, sanalarni, narsalarni jo‘natuvchi va qabul qiluvchi shaxslarning nomlarini bilib olish mumkin.
Shunisi e’tiborliki, Samariya ostrakalarida tilga olingan barcha kishilar Manashe qabilasiga tegishli. Bir manbaga ko‘ra, bu ma’lumot «Muqaddas Kitobdagi so‘zlarga qo‘shimcha ravishda, Manashe qabilasining yarmi qayerda o‘rnashganini isbotlamoqda». («NIV Archaeological Study Bible»)
Shuningdek, Samariya ostrakalari Alloh Kalomidagi Amos kitobining yozuvchisi o‘sha davrdagi boy kishilar haqida yozgan quyidagi so‘zlari rost ekanini tasdiqlaydi: «Ular katta kosadan sharob ichib, o‘zlariga a’lo moylar surtadi». (Amos 6:1, 6) Ushbu ostrakalar bunday mahsulotlar chindan ham Manashe qabilasining yarmi o‘rnashgan hududga yetkazib berilganini isbotlaydi.