TASODIFMI YOKI IJOD MAHSULIMI?
Grindaning o‘zini-o‘zi tozalaydigan terisi
Kemalarning tagini qoplab oladigan mo‘ylovoyoqlilar oilasiga mansub qisqichbaqa va dengizdagi boshqa tirik organizmlar dengizchilar hamda kema mexaniklari uchun o‘zgacha bir muammo tug‘diradi. Ular dastidan kemaning tagi ifloslanadi va uning tezligi sekinlashadi, yoqilg‘i sarf qilinishi ortadi. Shuningdek, bu tufayli kema ikki-uch yilda bir marta tozalanishi uchun kemalar ustaxonasiga (dokka) yuboriladi. Buning yechimini topish maqsadida olimlar tabiatga nazar solishmoqda.
O‘ylab ko‘ring. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, delfinlar turkumiga mansub oddiy grindaning (Globisephala melas) terisi o‘zini-o‘zi tozalash xususiyatiga ega ekan. Uning terisi nihoyatda mayda qatlardan iborat va ularning hajmi juda ham kichik bo‘lgani bois mo‘ylovoyoqlilar oilasiga mansub lichinkalar (g‘umbaklar) uni qoplay olmaydi. Ushbu qatlar orasida o‘zgacha suyuqlik bor bo‘lib, suv o‘simliklari va bakteriyalar uchun zararli. Grindaning terisi yangilanganda esa suyuqlik ham yangilanadi.
Olimlarning fikricha, grindaning o‘zini-o‘zi tozalash xususiyatiga taqlid qilib, uni kemaning tagini tozalash jarayonida qo‘llash mumkin. Ilgari kemalar tagi maxsus bo‘yoqlar bilan bo‘yalardi. Ammo bunday bo‘yoqlarning ba’zi turlari yaqinda man etildi, chunki ular dengizdagi organizmlar uchun zaharli deb topildi. Olimlar kemaning tagiga metall to‘rni o‘rnatishni tavsiya qilmoqda. U biosfera uchun xavfsiz bo‘lgan kimyoviy modda chiqaradigan ko‘pgina teshiklarni qoplab turadi. Bu modda dengiz suvi bilan aralashganda, qo‘yiqlashadi, natijada, kemaning tagi «ter» bilan qoplanadi. Vaqt o‘tgach, qalinligi deyarli 0,7 millimetr bo‘lgan bu «ter» eskirib, kema tagiga yopishib olishga ulgurgan organizmlar bilan birga ko‘chib tushadi. Keyin esa kemaning tagi qayta yangi «ter» bilan qoplanadi.
Laboratoriyada o‘tkazilgan mashg‘ulotlar shuni ko‘rsatdiki, bu tufayli kemalar tagi ifloslanishini yuz barobarga kamaytirish mumkin. Kemalar kompaniyalari uchun bu daromadli yutuq, chunki kemani ustaxonada tozalash anchagina qimmatga tushadi.
Nima deb o‘ylaysiz? Grindaning terisi evolyutsiya natijasida paydo bo‘lganmi? Yoki ijod mahsulimi?