Asosiy materiallarga o‘tish

TASODIFMI YOKI IJOD MAHSULIMI?

Itning hid bilish qobiliyati

Itning hid bilish qobiliyati

Tadqiqotchilarning aytishicha, itlar hid bilish qobiliyatidan foydalanib, boshqa itlarning yoshini, jinsini va kayfiyatini aniqlay oladi. Itlarni hatto portlovchi va noqonuniy giyohvand moddalarni aniqlashga o‘rgatish mumkin. Odamlar atrofidagi narsalarni tushunish uchun asosan ko‘rish qobiliyatidan foydalansa, itlar hid bilish qobiliyatidan foydalanadi. Ular burni bilan «o‘qiydi».

O‘ylab ko‘ring. Itlarning hid bilish qobiliyati biznikidan bir necha ming marotaba sezgir. Qo‘shma Shtatlardagi Me’yor va texnologiyalar milliy universitetining xabar berishicha, it «trilliongacha bo‘lgan konsetrasiyada muayyan birikmalar borligini aniqlay oladi. Bu olimpiya musobaqalari uchun mo‘ljallangan hovuzda taxminan chorak choy qoshiq shakar ta’mini sezish degani».

Nima tufayli it bunday hid bilish qobiliyatiga ega?

  • Itning burni doim nam va bu tufayli u hid sezish uchun ko‘proq zarrachalarni ushlab qoladi.

  • Itning burnida havo uchun ikkita kanal bor — biri nafas olish, ikkinchisi esa hid sezish uchun. It nafas olganda, havo hid bilish reseptorlaridan iborat bo‘lgan burun bo‘shlig‘i tomon yo‘l oladi.

  • It burnining shilliq qavati 130 kvadrat santimetr yoki undan oshiq maydonni, odamniki esa atigi 5 kvadrat santimetr maydonni seza oladi.

  • It bizga qaraganda 50-martagacha ko‘proq hid sezish reseptorlariga ega bo‘lishi mumkin.

Bularning barchasi tufayli it hid ajratish qiyin bo‘lgan narsaning tarkibiy qismlarini seza oladi. Misol uchun, biz sho‘rvaning hidini sezamiz, ammo ba’zi tadqiqotlarga ko‘ra, it undagi har bir mahsulotni aniqlashi mumkin.

Saraton bo‘yicha izlanish olib boradigan bir institutning tadqiqotchilari shuni aytishdiki, «sayyoramizdagi hatto eng nozik hidni aniqlay oladigan moslamalardan biri bo‘lish» uchun itning miyasi va burni birgalikda ishlaydi. («Pine Street Foundation») Olimlar portlovchi yoki taqiqlangan moddalar va kasalliklarni, jumladan, saratonni aniqlash uchun elektron «burunlarni» yaratishmoqda.

Nima deb o‘ylaysiz? Itning hid bilish qobiliyati evolyutsiya natijasida paydo bo‘lganmi? Yoki ijod mahsulimi?