Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Gomoseksualizm yomonmi?

Gomoseksualizm yomonmi?

 «Katta bo‘layotganimda men uchun eng qiyin bo‘lgan narsalardan biri — o‘z jinsdoshlarimni yoqtirib qolganim bo‘ldi. Vaqt o‘tib bunday tuyg‘ular o‘tib ketadi deb o‘yladim, lekin ular hanuzgacha menga tinchlik bermaydi». (Deyvid, 23 yosh)

 Deyvid Xudoga ma’qul kelishni istayotgan masihiydir. Lekin u o‘z jinsdoshlarini yoqtirayotgan bo‘lsa, buning qanday imkoni bor? Xudo gomoseksualizmga qanday qaraydi?

 Muqaddas Kitobda nima deyilgan?

 Ko‘pincha gomoseksualizmga bo‘lgan munosabat madaniyat va davrga bog‘liq. Lekin masihiylar keng tarqalgan fikr asosida yo‘l tutishmaydi va «har turli ta’limotning shamolidan to‘lqinlanishmaydi». (Efesliklarga 4:14) Ularning gomoseksualizmga (qolaversa, boshqa har qanday xulq-atvorga) bo‘lgan munosabati Muqaddas Kitobdagi me’yorlarga asoslangan.

 Muqaddas Kitobda gomoseksualizm borasida nima deyilgani aniq. Unda shunday deyilgan:

  •  «Ayol bilan yotganday erkak kishi bilan yotmang. Bu, jirkanchdir». (Levilar 18:22)

  •  «Xudo, ular ko‘nglidagi istaklarga ko‘ra... tiyiqsiz shahvoniy hirsga berilishiga yo‘l qo‘ydi. Ularning ayollari tabiiy jinsiy aloqani g‘ayritabiiyga almashtirishdi». (Rimliklarga 1:24, 26)

  •  «Adashmanglar. Na zinokorlar, na butparastlar, na xiyonat qiluvchilar, na g‘ayritabiiy jinsiy aloqa uchun qo‘llaniladigan erkaklar, na erkak kishi bilan yotadigan erkaklar, na o‘g‘rilar, na tamagirlar, na ichkilikbozlar, na boshqalarni haqorat qiluvchilar, na talonchilar Xudoning Shohligini meros qilib olmaydilar». (1 Korinfliklarga 6:9, 10)

 Aslida insonlar o‘z jinsdoshlarini yoqtirishadimi yoki o‘zga jinsdagilarnimi, Xudoning me’yorlari barchaga birdek taalluqli. Har bir inson Xudoni ranjitadigan ishlarni qilish vasvasasiga duch kelganida o‘zini tiya bilish fazilatini rivojlantirishga o‘rganishi lozim. (Kolosaliklarga 3:5)

 Bu... anglatadimi?

 Bu Muqaddas Kitob gomoseksualistlardan nafratlanishga o‘rgatishini anglatadimi?

 Yo‘q. Muqaddas Kitob bizni biror kimsadan — u gomoseksualist bo‘ladimi yoki yo‘qmi — nafratlanishga chorlamaydi. Aksincha, Muqaddas Kitob bizni, odamlar qanday hayot tarzini kechirishidan qat’i nazar, barcha bilan tinchlikda bo‘lishga chorlaydi. (Ibroniylarga 12:14) Shuning uchun gomoseksualistlarga hujum qilish, nafrat negizida ularga qarshi jinoyat sodir etish yoki ularga qaratilgan har qanday yomon munosabat nomaqbuldir.

 Bu, masihiylar bir jinsli nikohlarga ruxsat beruvchi qonunlarga qarshi chiqishi lozimligini anglatadimi?

 Muqaddas Kitob shuni ko‘rsatyaptiki, Xudoning niyatiga ko‘ra nikoh — bu bitta erkak va bitta ayol o‘rtasidagi ittifoqdir. (Matto 19:4–6) Biroq bir jinsli nikohlarga oid qonunlar haqidagi bahs-munozaralar nafaqat axloqiy, balki siyosiy sohaga ham taalluqli. Muqaddas Kitobda masihiylar siyosiy betaraflikni saqlashi kerakligi haqida aytilgan. (Yuhanno 18:36) Shuning uchun ular bir jinsli nikohlar va gomoseksual xulq-atvor borasidagi davlat qonunlariga na qarshi chiqishadi, na qo‘llab-quvvatlashadi.

 Ammo... shunday bo‘lsa-chi?

 Biroq biror kimsa gomoseksualist bo‘lsa-chi? U o‘zgarishi mumkinmi?

 Ha. Birinchi asrdagi ba’zi masihiylar ham buning uddasidan chiqishgan. Muqaddas Kitobda gomoseksual hayot tarzini kechiradigan kimsalar Xudoning Shohligini meros qilib olmasligi haqida aytilganidan keyin quyidagicha deyilgan: «Ayrimlaringiz o‘tmishda shunday edingizlar». (1 Korinfliklarga 6:11)

 Bu, gomoseksualizmdan voz kechgan kimsalar eski hayot tarziga qaytish istagidan butunlayin qutulishganini anglatadimi? Yo‘q. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Yaratuvchining tasviriga ko‘ra aniq bilim orqali yangilanib borayotgan yangi o‘zlikni kiyib olinglar». (Kolosaliklarga 3:10) Odam o‘z ustida doimo ishlashi lozim.

 Lekin biror kimsa Xudoning me’yorlariga mos kelishga harakat qilayotib gomoseksual istaklarga ega bo‘lsa, nima qilishi darkor?

 Har qanday vasvasa bilan bo‘lganidek, kishi yo vasvasaga qarshi turishni, yo unga berilib ketishni tanlashi mumkin. Qanaqasiga? Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Muqaddas ruhga muvofiq yo‘l tutinglar, shunda tana istaklarini qondirmaysizlar». (Galatiyaliklarga 5:16)

 E’tibor bering, bu oyatda insonda hech qanday tana istaklari bo‘lmaydi, deyilmagan. Ammo puxta rejalashtirilgan ma’naviy ishlar tartibi — Muqaddas Kitob tadqiqi va ibodat orqali — inson bunday istaklarga qarshi turish uchun kuch topa oladi.

 Maqolaning boshida tilga olingan Deyvid buni o‘zida his qildi. Ota-onasiga nimalar bilan kurashayotgani haqida aytib berish unga katta yordam berdi. «Yelkamdan xuddi tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi,— deydi u.— Ota-onamga bu haqda ertaroq aytganimda o‘smirlik yillarim ancha baxtliroq bo‘larmidi...»

 Aslini olganda, Xudoning me’yorlari bo‘yicha yashab, baxtliroq bo‘lamiz. Aminmizki, ular « adolatlidir, qalbni shod etadi» va «ularga rioya qilgan kishi buyuk mukofotga ega bo‘ladi». (Zabur 19:8, 11)