Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Nega doim o‘ylamay gapirib qo‘yaman?

Nega doim o‘ylamay gapirib qo‘yaman?

 «Ba’zida tilimni tiya olaman, ammo qolgan paytlari tilim go‘yoki miyamga quloq solmay, o‘z-o‘zidan gapirib ketadi!» (Jeyms)

 «Asabiylashganimda og‘zimga kelganini, xotirjam bo‘lganimda esa keragidan ortiq gapirib yuboraman. Xullas, doim qovun tushirib qo‘yaman». (Mari)

 Muqaddas Kitobda «til go‘yo olovdir» va «kichik bir uchqun katta o‘rmonni yondirishga qodir» deyilgan. (Yoqub 3:5, 6) So‘zlaringiz dastidan ko‘pincha ishkal chiqarib qo‘yasizmi? Unday bo‘lsa, bu maqola siz uchun.

 Nega o‘ylamay gapirib qo‘yaman?

 Nomukammallik. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Barchamiz tez-tez xato qilib turamiz. Bordi-yu, kimdir so‘zida xato qilmasa, u... mukammal insondir». (Yoqub 3:2) Odam zaif bo‘lgani uchun nafaqat yurganda qoqilib ketishi, balki gapirganida bo‘lmag‘ur narsalarni aytib yuborishi mumkin.

 «Miyam va tilim nomukammal bo‘lgani uchun, ularni mukammal darajada boshqara olaman, deb aytish nodonlikdir». (Anna)

 Ko‘p gapirish. Muqaddas Kitobda: «Ko‘p gapirgan gunohga tutiladi»,— deyilgan. (Hikmatlar 10:19) Ko‘p gapirib, kam tinglaydigan insonlar bo‘lmag‘ur so‘zlari bilan boshqalarni tez ranjitib qo‘yishi mumkin.

 «Davrada qizg‘in suhbat olib borayotgan kishi har doim ham eng aqlli inson bo‘lavermaydi. Iso yer yuzida yashab o‘tgan eng aqlli inson bo‘lsa ham, gohida sukut saqlagan». (Juliya)

 Kinoya. Muqaddas Kitobda: «O‘ylamay aytilgan gap qilichday jarohatlaydi»,— deyilgan. (Hikmatlar 12:18) O‘ylamay gapirishning bir misoli — kinoya, ya’ni boshqalarni kamsitish maqsadida tikanday og‘ir botadigan so‘zlarni aytish. Kinoya bilan gapiradigan insonlar: «Shunchaki hazillashyapman, xolos!» — deyishi mumkin. Lekin boshqalarni kamsitish kulgili emas. Muqaddas Kitobda quyidagicha chorlov bor: «Haqoratli so‘zlarni har qanday yaramaslik bilan birga o‘zingizdan soqit qilinglar». (Efesliklarga 4:31)

 «Men hazilkashman va chog‘ kayfiyatda yurishni yaxshi ko‘raman. Aynan mana shuning dastidan piching qilib qo‘yib, boshimga g‘alva orttiraman». (Oksana)

Tish pastasini qaytadan idishiga solib qo‘yishning imkoni bo‘lmagani kabi, aytilgan so‘zlaringizni ham ortga qaytarishning iloji yo‘q

 Tilni jilovlash

 Tilni nazorat qilish qiyin bo‘lishi mumkin, ammo Muqaddas Kitobdagi prinsiplar yordamida buni eplash mumkin. Masalan, quyidagilar haqida o‘ylab ko‘ring.

 «Qalbingizni to‘kib soling-da, sukut saqlang». (Zabur 4:4)

 Ba’zida eng zo‘r javob umuman javob bermaslikdir. «G‘azabim qaynaganda his qiladigan tuyg‘ularim keyinchalik o‘tib ketishi mumkin,— deydi Laura ismli bir qiz.— Tinchlanganimda esa, indamaganimdan xursand bo‘laman». Bir necha soniyaga to‘xtab turish bo‘lmag‘ur gaplarni aytib yubormasligingizga yordam beradi.

 «Til yegulikning ta’mini sezgandek, quloq ham so‘zlarni farqlay olmaydimi?» (Ayub 12:11)

 Aytmoqchi bo‘lgan so‘zlaringizni quyidagi savollar yordamida tekshirsangiz, o‘zingizni ortiqcha daxmazadan asragan bo‘lasiz:

  •   Bu to‘g‘rimi? Bu sevgidan dalolat beradimi? Bunday deyishim shartmi? (Rimliklarga 14:19)

  •   Agar bu so‘zlarni boshqasi menga aytganida, o‘zimni qanday his qilardim? (Matto 7:12)

  •   Bu bilan boshqa insonning nuqtai nazarini hurmat qilayotganimni ko‘rsatamanmi? (Rimliklarga 12:10)

  •   Hozir buni aytishning mavridimi? (Voiz 3:7)

 «Kamtar bo‘lib, boshqalarni o‘zingizdan ustun qo‘yinglar». (Filippiliklarga 2:3)

 Bu maslahat boshqalarga yaxshi so‘zlarni aytishingizga, tilingizni jilovlashga hamda gapirishdan oldin o‘ylashga yordam beradi. Bordi-yu, bo‘lar ish bo‘ldi va ranjitadigan so‘zlarni aytdim qo‘ydim, deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz, kamtarlik ila va imkon boricha tezroq kechirim so‘rang. (Matto 5:23, 24) So‘ng tilingizni jilovlash uchun ko‘proq harakat qilishga bel bog‘lang.