Gunoh nima degani?
Muqaddas Kitob asosida javob
Gunoh bu Xudoning me’yorlariga zid bo‘lgan ish harakat, his-tuyg‘u yoki fikrdir. Unga, shuningdek, Xudoning nazarida noto‘g‘ri yoki adolatsiz bo‘lgan ishlar kiradi. (1 Yuhanno 3:4; 5:17) Qolaversa, Muqaddas Kitobda inson nima to‘g‘ri ekanini bila turib qilmasa, gunoh qilgan bo‘ladi deb aytilgan. (Yoqub 4:17)
Muqaddas Kitob yozilgan asl matndagi «gunoh» so‘zi «nishonga yoki mo‘ljalga tusha olmaslik» deganidir. Qadimgi Isroildagi ba’zi askarlar palaxmon toshini otishda mahoratli bo‘lishgan va ular «mo‘ljalga bexato urardi». Mazkur ibora so‘zma-so‘z tarjima qilinganida «gunoh qilmasdi» degan ma’noni anglatadi. (Hakamlar 20:16) Demak, gunoh qilish Xudoning mukammal me’yorlarini bajarayotib, nishonga tusha olmaslik deganidir.
Xudo insonlarni yaratgan ekan, ular uchun muayyan me’yorlar o‘rnatishga haqli. (Vahiy 4:11) Ishlarimiz uchun Uning oldida javob beramiz. (Rimliklarga 14:12)
Umuman gunoh qilmaslikning iloji bormi?
Yo‘q, Muqaddas Kitobda hamma gunoh qilgan va Xudoning ulug‘vorligidan mahrum bo‘lgan, deb yozilgan. (Rimliklarga 3:23; 3 Shohlar 8:46; Voiz 7:20; 1 Yuhanno 1:8) Qiziq, bu qanday yuz bergan?
Ilk juftlik Odamato bilan Momohavo dastlab begunoh edi. Chunki ular mukammal va Xudoga o‘xshash qilib yaratilgan edi. (Ibtido 1:27) Lekin ular Xudoga itoatsizlik qilib, mukammalligidan mahrum bo‘lishgan. (Ibtido 3:5, 6, 17–19) Keyinchalik ular avlodlariga gunoh va nomukammallikni meros qilib qoldirishgan. (Rimliklarga 5:12) Bejizga Isroil shohi Dovud shunday demagan: «Men gunohkor bo‘lib tug‘ilganman». (Zabur 51:5)
Ayrim gunohlar boshqalaridan jiddiyroqmi?
Ha. Masalan, Muqaddas Kitobda qadimgi Sado‘m aholisi yovuz bo‘lib, gunohi «juda ham og‘ir» deb yozilgan. (Ibtido 13:13; 18:20) Gunoh qanchalik jiddiy ekanini aniqlashga yordam beruvchi uchta omilni ko‘rib chiqing.
Gunohning jiddiyligi. Muqaddas Kitobda shu kabi jiddiy gunohlardan qochinglar, deb ogohlantirilgan: zinokorlik, butparastlik, o‘g‘rilik, ichkilikbozlik, talonchilik, qotillik va sehr-jodu bilan shug‘ullanish. (1 Korinfliklarga 6:9–11; Vahiy 21:8) Muqaddas Kitobda bu kabi gunohlar va o‘ylamay, bexosdan qilingan gunohlar, masalan, so‘z va ishlar bilan boshqalarni ranjitish o‘rtasida farq borligi ko‘rsatilgan. (Hikmatlar 12:18; Efesliklarga 4:31, 32) Lekin Muqaddas Kitob bizni hech bir gunohning ahamiyatini pasaytirmaslikka chorlamoqda. Chunki gunohlar Xudoning qonunlarini qo‘pol tarzda buzishga olib kelishi mumkin. (Matto 5:27, 28)
Niyat. Ba’zi odamlar Xudoning me’yorlarini bilishmagani uchun gunoh qilishadi. (Havoriylar 17:30; 1 Timo‘tiyga 1:13) Muqaddas Kitob bunday gunohlarni oqlamaydi. Lekin unda bu gunohlar Xudoning qonunlarini bila turib buzishdan farq qilishi ko‘rsatilgan. (Sahroda 15:30, 31) Bila turib qilingan gunohlar «yovuz yurakdan» kelib chiqadi. (Yeremiyo 16:12)
Gunohning takrorlanishi. Muqaddas Kitobda bir marta qilingan va uzoq vaqt davomida takrorlangan gunohlar o‘rtasidagi farq ko‘rsatilgan. (1 Yuhanno 3:4–8) Nima to‘g‘ri ekanini bila turib, ataylab gunoh qiladiganlar Xudoning qahriga uchraydi. (Ibroniylarga 10:26, 27)
Jiddiy gunoh sodir etgan insonlar vijdon azobidan qiynalishi mumkin. Masalan shoh Dovud shunday deb yozgan: «Xatolarim boshimdan oshib yotibdi. Ular men uchun ko‘tarib bo‘lmaydigan og‘ir yuk kabidir». (Zabur 38:4) Lekin Muqaddas Kitobda shunday umidbaxsh so‘zlar bor: «Yovuz kishi o‘z yo‘lidan, yomon kishi o‘z fikridan qaytsin. Unga rahm-shafqat ko‘rsatadigan Yahovaga yuz bursin. Allohimizga qaytsin, zero uni sidqidil kechiradi». (Ishayo 55:7)