Asosiy materiallarga o‘tish

Hamma dinlar ham bizni Xudoga yaqinlashtiradimi?

Hamma dinlar ham bizni Xudoga yaqinlashtiradimi?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Yo‘q, hammasi ham bizni Xudoga yaqinlashtira olmaydi. Muqaddas Kitobda Xudoga noma’qul bo‘lgan ko‘plab dinlar haqida aytilgan. Ularni ikki toifaga bo‘lish mumkin.

Birinchi toifa. Soxta Xudolarga sig‘inish

 Muqaddas Yozuvlarda soxta xudolarga sajda qilish haqida aytilganda «uydirma», «behuda» va «foyda keltirmaydigan» kabi so‘zlar qo‘llanilgan. (Yeremiyo 10:3–5, 16:19, 20) Alloh Yahova a Isroil xalqiga shunday amr bergandi: «Mendan o‘zga xudolaringiz bo‘lmasin». (Chiqish 20:3, 23, 23:24) Isroilliklar boshqa xudolarga sajda qilganida «Yahovaning... achchig‘i kelgan». (Sahroda 25:3; Levilar 20:2; Hakamlar 2:13, 14)

 Alloh soxta xudolarga sig‘inishni hanuzgacha ma’qullamaydi. (1 Korinfliklarga 8:5, 6; Galatiyaliklarga 4:8) Xudo Unga topinishni istovchilarga soxta xudolarga topinadiganlar bilan muloqotni to‘xtatishni buyurib, shunday degan: «Ularning orasidan chiqinglar, ulardan ayrilib ketinglar». (2 Korinfliklarga 6:14–17) Agar barcha dinlar bizni Xudoga yaqinlashtira olsa, unda nega Alloh bunday amr bergan?

Ikkinchi toifa. Haq Xudoga U ma’qul ko‘rmagan tarzda topinish

 Ba’zan isroilliklar Xudoga topinishda soxta xudolarga sajda qilish bilan bog‘liq e’tiqod-u urf-odatlarga amal qilishgan. Lekin Yahova ular haq topinishni soxta din bilan aralashtirishganini ma’qullamagan. (Chiqish 32:8; Qonunlar 12:2–4) Iso o‘z zamonasidagi din rahbarlari Xudoga noma’qul tarzda topinishgani uchun ularni hukm qilgan. Ular dindorligini ko‘z-ko‘z qilishgan va ikkiyuzlamachilik qilib «Tavrotda muhim sanalgan adolat, rahm-shafqat va sadoqatga ahamiyat bermay qo‘yishgan». (Matto 23:23)

 Bugungi kunda ham faqatgina haqiqatni o‘rgatadigan din insonlarni Xudoga yaqinlashtira oladi. Bu haqiqatni Muqaddas Kitobda topish mumkin. (Yuhanno 4:24, 17:17; 2 Timo‘tiyga 3:16, 17) Allohning Kalomiga zid ta’limotlarni o‘rgatadigan dinlar aslida insonlarni Xudodan uzoqlashtiradi. Odamlar uchlik, o‘lmas jon va abadiy qiynoq kabi ko‘p ta’limotlar Muqaddas Kitobdan olingan deb o‘ylashadi. Biroq ular soxta dinga taalluqli. Allohning talablariga emas, bunday diniy urf-odatlarga asoslangan topinish «behuda» yoki foydasiz. (Mark 7:7, 8)

 Xudo dindagi ikkiyuzlamachilikdan nafratlanadi. (Titusga 1:16) Odamlar Xudoga yaqinlashishiga yordam berish uchun dinlar nafaqat marosimlar va rasmiyatchilikdan iborat bo‘lishi, balki insonlarning kundalik hayotiga ta’sir qilishi ham kerak. Masalan, Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Agar biror kim Allohga topinyapman deb o‘ylasa-yu, ammo tilini tiymasa, u o‘zini o‘zi aldagan bo‘ladi va uning topinishi befoydadir. Otamiz Xudoning nazarida toza va benuqson topinish, qayg‘u chekayotgan yetim-yesirlarga g‘amxo‘rlik qilishdan hamda dunyoda o‘zini pok saqlashdan iboratdir». (Yoqub 1:26, 27) Muqaddas Kitobning boshqa bir tarjimasida toza va ikkiyuzlamachilikdan holi topinish «sof din» deb tarjima qilingan. («King James Version»)

a Muqaddas Kitobga ko‘ra, Xudoning ismi Yahova.