Yer yuzi yo‘q bo‘lib ketadimi?
Muqaddas Kitob asosida javob
Yo‘q. Yer sayyorasi hech qachon yo‘q bo‘lib ketmaydi, yonib ketmaydi va uning o‘rniga boshqa sayyora yaratilmaydi. Muqaddas Kitobda aytilishicha, Alloh yer yuzini odamlar unda abadiy yashashi uchun yaratgan.
«Odil kishilar yer yuziga egalik qiladi, ular yerda abadiy yashaydi». (Zabur 37:29)
Sano bastakori Xudo haqida: «Yerni poydevor ustida qurgansan, u hech qachon, aslo tebranmaydi»,— deb yozgan. (Zabur 104:5)
«Yer abadiy turadi». (Voiz 1:4)
«Yerga shakl berib, uni mustahkam o‘rnatgan haq Tangri yerni bekorga emas, insonlar yashashi uchun barpo etgan». (Ishayo 45:18)
Odamlar yer yuzini xarob qiladimi?
Xudo odamlar yer yuzini butunlayin iflos qilib, uni urush yoki yana boshqa yo‘l bilan xarob qilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Aksincha, U «yerni xarob etuvchilarni xarob qiladi». (Vahiy 11:18) Xo‘sh, Xudo buni qay yo‘sin amalga oshiradi?
Alloh bugungi hokimiyatlarning o‘rniga yer yuzini himoya qila oladigan mukammal Samoviy Shohlikni o‘rnatadi. (Doniyor 2:44; Matto 6:9, 10) Bu Shohlikni Uning O‘g‘li, Iso Masih boshqaradi. (Ishayo 9:6, 7) Iso yer yuzida bo‘lganda, tabiat kuchlarini boshqara olishini mo‘jizaviy tarzda ko‘rsatgan edi. (Mark 4:35–41) Samoviy Shohlikning boshqaruvchisi sifatida Iso yer yuzi va tabiat kuchlarini nazorat qiladi. U yer yuzidagi sharoitlarni yangilaydi va u xuddi Adan bog‘iday bo‘ladi. (Matto 19:28; Luqo 23:43)
Muqaddas Kitobda yer yuzi olov orqali halok qilinishi haqida aytilganmi?
Yo‘q, aytilmagan. Odatda bunday noto‘g‘ri fikr 2 Butrus 3:7 dagi «hozirgi osmon va yer... olov uchun... saqlanib turibdi» deb aytilgan so‘zlarni xato tushunish tufayli paydo bo‘ladi. Keling, bu aslida qanday ma’noga ega ekanini tushunish uchun, ikkita muhim fikrga diqqat qarataylik.
Muqaddas Kitobdagi «osmon», «yer» va «olov» iboralari kengroq ma’noga ega. Masalan, Ibtido 11:1da: «Barcha odamlar [butun yer yuzi, izoh] bitta tilda gaplashishardi»,— deb yozilgan. Demak, «yer yuzi» odamlarni bildiradi.
Masalan, 2 Butrus 3:7-oyatning matn tarkibidan u yerda keltirilgan osmon, yer va olov so‘zlarining ma’nosini bilib olsak bo‘ladi. 5- va 6-oyatlariga keltirilgan taqqos oyatlarda Nuh davridagi To‘fon haqida yozilgan. O‘sha To‘fon paytida yer sayyorasi emas, qadimgi dunyo yo‘q bo‘lib ketgan. To‘fonda zo‘ravon odamlar yoki «yer yuzi» halok bo‘lgan. (Ibtido 6:11) Qolaversa, «osmon», ya’ni insoniyat ustidan hukm surgan boshqaruvchilar ham yo‘q bo‘lib ketgan. Demak, yer sayyorasi emas, yovuz odamlar halok bo‘lgan. Nuh va uning oilasi omon qolib, To‘fondan keyin yer yuzini to‘lg‘azishgan. (Ibtido 8:15–18)
To‘fon suvlari kabi, 2 Butrus 3:7 da tilga olingan «olov» yer sayyorasini emas, bu dunyodagi yovuz insonlarni halok qiladi. Tangri «adolat hukm suradigan yangi osmon va yangi yerni» va’da qilyapti. (2 Butrus 3:13) «Yangi yer» yoki yangi jamiyat ustidan «yangi osmon» yoki yangi boshqaruv — Xudoning Shohligi hukm suradi. Bu Shohlikning boshqaruvi ostida yer yuzi tinch va ajoyib jannatga aylanadi. (Vahiy 21:1–4)