Asosiy materiallarga o‘tish

Gilad nomli Muqaddas Kitob maktabining 133-sinfi

2012-yil 8-sentyabr, shanba

Gilad nomli Muqaddas Kitob maktabining 133-sinfi

Yahova Shohidlarining Pattersondagi (Nyu-York shtati) o‘quv-ta’lim markazida joylashgan Qo‘riqchi minorasi Jamiyatining Gilad nomli Muqaddas Kitob maktabida besh oy davomida qizg‘in tarzda o‘qigan 48 ta talaba o‘qishini tugatib, bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi. Dasturga 9 694 kishi tashrif buyurdi. Ularning orasida, bitiruvchilarning qarindoshlari, do‘stlari va boshqa mehmonlar bo‘lgan.

1943-yildan boshlab, to‘la vaqtli maxsus xizmat uchun 8 000 dan ortiq tajribali va’zgo‘y ta’lim olgan. Berilgan ta’lim Muqaddas Kitob asosida bo‘lib, talabalarning imonini mustahkamlaydi va to‘la vaqtli maxsus xizmatning har xil turlarida uchraydigan qiyinchiliklarni yengishga kerakli fazilatlarni rivojlantirishga ko‘maklashadi.

«Yoqimli narsalar haqida chuqur fikr yuritinglar». Yahova Shohidlarining Yetakchi kengash a’zosi va dasturda raislik qilgan Entoni Morris kirish so‘zlarini Filippiliklarga 4:8 ga asoslanib: «Nima yoqimli bo‘lsa... bular haqida fikr yuritinglar»,— dedi.

Birodarimiz, yoqimli bo‘lgan narsalar borasida fikr yuritish, ushbu xudbin dunyoda ijobiy fikrlash tarzini saqlashga ko‘maklashishini ta’kidlab o‘tdi. U shunday deb aytdi: «Doimo yoqimli bo‘lgan narsalar payidan bo‘lib, o‘zingiz ham yoqimli bo‘ling».

Masalan, samoviy Otamiz xatolarimizni hisobga olmaslikda bizga o‘rnak ko‘rsatmoqda (Zabur 129:3).

«Bilim orttiring, ammo o‘zingizni juda ham dono qilib ko‘rsatmang». AQSH Filial qo‘mitasining a’zosi Xarold Korkern, mavzusi Voiz 7:16 ga asoslangan nutqni so‘zladi. Alloh, biz bilimlarimiz bilan kibrlanmay, ulardan to‘g‘ri foydalanishimizni xohlaydi.

Bu akamiz shuningdek, maslahat berayotganimizda yoki kimnidir tuzatayotganimizda sevgini namoyon etishimiz kerakligini ko‘rsatdi. Boshqalardan Xudo ulardan kutayotgan narsadan ko‘proq narsani kutmasligimiz kerak. Birodarimiz Korkern shunday deya chorladi: «Donolik, bilim va tushunchangiz bilan to‘g‘ri foydalaning. Shunda, birodarlaringiz siz bilan bo‘lishni yoqtirishadi».

«Xudoning ishlarini unutib qo‘yma» (Zabur 77:7). Yetakchi kengash a’zosi Gay Pirs, bolaning yaxshi yoki yomon xatti-harakatiga qarab, uning ota-onasi qanday ekanini bilish mumkin deb, nutqini boshladi (Hikmatlar 20:11). Shu singari, yurish-turishimizga qarab, o‘zgalar samoviy Otamiz haqida tasavvurga ega bo‘lishadi. «Xudoning va Iblisning bolalarini shundan bilsa bo‘ladi: to‘g‘ri ish qilmaydigan va birodarini sevmaydigan, Allohdan emas» (1 Yuhanno 3:10).

Pirs birodarimiz, talabalar Gilad maktabiga o‘zlarining yaxshi fazilatlari, jumladan kamtarlik tufayli taklif etilishganini aytdi. Ularga shuningdek, kamtarlikni namoyon etishda davom etishlarini eslatdi. Talabalar, bu maktabda o‘qib, boshqalardan ustun deb o‘ylamasliklari kerak. Aksincha, umumjahon birodarlikning birligiga hissa qo‘shib, kamtarlikda o‘rnak ko‘rsata olishlari uchun ular barcha narsaga egadirlar (Zabur 132:1). U quyidagilarni aytdi: «Maktabdagi o‘qish sizlarga poydevor solishga yordam berdi va Tangri Yahova haqida bilim orttirib, unda qurishni davom ettirishingiz lozim».

«Zimmamizdagi ishni qildik xolos». Maktablar ustidan nazorat qiluvchi bo‘lim noziri Uilyam Semyuelson shunday savol berdi: «Xohish, iroda va his-tuyg‘ularimiz bizga topshirilgan vazifaga zid bo‘lib chiqqanda, qanday yo‘l tutishimiz kerak?» Luqo 17:7–10 dagi so‘zlardan saboq olsak bo‘ladi. «Sizlar ham o‘zingizga buyurilgan hamma ishni bajargandan so‘ng: “Biz hech narsaga arzimas qullarmiz. Zimmamizdagi ishni qildik xolos”,— deb aytinglar». Rabbimiz Yahova bilan solishtirganda, biz chindan ham «hech narsaga arzimasmiz».

Talabalar ancha haftalar mobaynida sinfda o‘qish bilan band edilar. Ba’zilar uchun bu, oson bo‘lmagan. Birodarimiz Semyuelson quyidagicha dedi: «Sizlar qilish kerak bo‘lgan ishni bajardingizlar, hozir esa bu sizlarga qanday foyda keltirganini va imoningizni qanday mustahkamlaganini tushundingizlar». Nutqning yakunida u shunday deb aytdi: «Ishonchli boshqaruvchilar singari, Tangri Taolo Yahovaga xizmat qilish sharafini doimo qadrlashga intilinglar!»

«Qiyinchiliklarga duch kelganda, Yahovaning va’dalarini unutmang». Maktablar ustidan nazorat qiluvchi bo‘lim nozirining yordamchisi Sem Roberson talabalarni ogohlantirib, gohida ular tushkunlikka duchor bo‘lishlarini aytdi. Shu bois, ularga Xudo qo‘llab-quvvatlashida ishontirgan Muqaddas Kitobdagi ko‘pdan-ko‘p misollarni eslab turishni maslahat berdi. Masalan, Muso Yoshuani Yahovaning g‘amxo‘rligiga ishontirgan: «O‘zi sen bilan birga bo‘ladi, seni tashlab ketmaydi, tark etmaydi» (Qonunlar 31:8). Hayotining so‘ngida Yoshua shunday deya olgan: «Egangiz Xudo sizlarga yaxshi va’dalar bergan edi, shu va’dalarning hammasi ro‘yobga chiqdi, ularning birortasi ham bajarilmay qolmadi» (Yoshua 23:14).

Tangri Yahova xizmatchilariga: «Seni hecham tashlab ketmayman va aslo tark etmayman»,— deb va’da bergan (Ibroniylarga 13:5). U bizni, O‘zining Yahova ismining ma’nosiga («U bo‘ldiradi») muvofiq tarzda yo‘l tutishiga ishontiryapti. Shu yo‘sin, O‘z xizmatchilariga kim bo‘lishni xohlasa O‘sha bo‘la olishini ko‘rsatmoqda. Roberson akamiz shunday deb undadi: «Hech qachon taslim bo‘lmang, hecham bo‘sh kelmang va chekinmang. Unutmangki, U sizni hech qachon, e’tibor bering, hech qachon tashlab ketmaydi».

«Nutqlari esa jahonning chekkalarigacha yetib bordi» (Rimliklarga 10:18). Gilad maktabining muallimi Mark Numarning yordami bilan turli mamlakatdan bo‘lgan talabalar Patterson hududida xizmat qilayotgan paytda duch kelgan voqealarni aytib yoki ko‘rsatib berishdi. Misol uchun, Janubiy Afrikadan bo‘lgan juftlik o‘z mamlakatidan bo‘lgan uchta ayolni uchratib qolishgandan xursand bo‘lishdi va ular bilan zulu va kosa tillarida gapirishdi. Shri Lankadan bo‘lgan er-u xotin bitta hind kishi bilan tanishib qolishdi. Uning xotini va qizi Shri Lankada yashar ekan. Bu kishi hech qachon Muqaddas Kitobni ko‘rmagan ekan, shuning uchun o‘sha er-xotin o‘zlarining bitta Muqaddas Kitobini unga berishdi.

«Har bir yaxshi ishga butunlayin tayyor tursin». Muharririyat qo‘mitasi bilan hamkorlik qilayotgan Jin Smolli, bu sinfni bitirgan ikkita juftlikdan intervyu oldi. Serra-Leonedan bo‘lgan juftlik, har kuni uylariga suv tashish kerakligi haqida gapirib berdi. Lekin bunday qiyinchiliklarni, ular o‘tkazgan 50 ta tadqiq keltirgan quvonch qoplardi. Ushbu to‘rtta bitiruvchi, olgan bilimlari ularni bo‘lajak xizmatdagi har bir yaxshi ishga butunlayin tayyorlaganidan minnatdor ekanligini aytdi (2 Timo‘tiyga 3:16, 17).

«Har bir yaxshi ishga butunlayin tayyor tursin». Yetakchi kengash a’zosi Gerrit Lyosh dasturning asosiy nutqini uzoq masofalarga yuguruvchi sportchilar haqidagi misoldan boshladi. Ular marraga yetib kelish uchun o‘zlariga muayyan tezlikni belgilashadi. Bunday chopishda faqatgina bitta g‘olib bo‘ladi, masihiylar qatnashayotgan yugurish masofada esa oxirigacha chidagan g‘alaba qozonadi.

Chidamli bo‘lish, qiyinchilik, ta’qib, quvg‘in yoki ko‘ngil qolishga duch kelganda ham, umidni yo‘qotmay, Allohga doimo xizmat qilishni anglatadi. Zero Iso: «Faqat oxirigacha chidagan qutuladi»,— deb aytgan (Matto 24:13). Tangri Yahova va Iso Masih uchun, chidamli ekanimiz qadrli ekanligi bizga dalda baxsh etmoqda! So‘ng, Lyosh birodarimiz qiyinchiliklarga taslim bo‘lmasligimizga ko‘maklashadigan bir nechta maslahat berdi. Mana ulardan ayrimlari:

  • Sabr-bardosh baxsh etadigan va har kun og‘irligimizni ko‘taradigan Allohga ibodat qiling (Rimliklarga 15:5; Zabur 68:19).

  • Sodiq bo‘lib qolishga qaroringiz qat’iy bo‘lsin. Toki, «Xudo O‘z so‘ziga sodiqdir va U dosh bera olmaydigan darajada sinalishingizga yo‘l qo‘ymaydi. Aksincha, sinovlar paytida chiday olishingiz uchun ilojini ham beradi» (1 Korinfliklarga 10:13).

  • Xudo va’da qilayotgan umidni ko‘z o‘ngingizdan yo‘qotmang. «U [Iso] oldinda kutayotgan shodlik uchun, sharmanda bo‘lishiga qaramay, azob ustunidagi o‘limga chidadi» (Ibroniylarga 12:2).

Lyosh birodarimiz, bu dunyoning oxiri yaqin bo‘lgan paytda yashaymiz ekan, taslim bo‘lishning vaqti emasligini ta’kidladi. Keling, «bizga belgilagan musobaqada chidam bilan chopaylik» (Ibroniylarga 12:1).

Bu ajoyib dasturning yakunida bitiruvchilardan biri butun sinf nomidan xat o‘qib, ular olgan amaliy ta’lim uchun minnatdorchilik bildirdi. Xatda, Muqaddas Kitobni xronologik yoki yuz bergan tartibda puxta tadqiq qilish, nafaqat Xudo niyatlarining ma’nosi yanada oydinlashtirganini, balki ularning imonini har qachongidan ham ko‘proq mustahkam qilganini ham ta’kidlangan. O‘sha xatda: «Olgan bilimlarga hayotimizda amal qilishga qaror qildik»,— deb yozilgan.